Hukumat qarori (39-son, 29.01.2020 y.) bilan Uy-joy sharoitlarini yaxshilashga ehtiyojmand mehnat migrantlariga ko`p kvartirali uylardan xonadonlar ajratish tartibi to`g`risidagi nizom tasdiqlandi. Bu haqda "Huquqiy Axborot" kanali xabar berdi.
Qaror bilan tasdiqlangan nizomga muvofiq, uy-joylar imtiyozli ipoteka krediti asosida har yili tuman(shahar)lardan belgilangan tartibda ajratiladi.
Uy-joy ajratish quyidagi bosqichlarda amalga oshiriladi:
ariza beruvchi talabgor sifatida yozma tavsiyani olish uchun talabgorlarni tanlash bo`yicha komissiya raisiga doimiy yashash joyi bo`yicha hujjatlarni va so`rovnoma-arizani taqdim etadi;
komissiya hujjatlarni 15 ish kuni ichida ko`rib chiqadi;
komissiya arizani ko`rib chiqishda uy-joy sharoitini yaxshilashga ehtiyojmand mehnat migrantlarini qator ijtimoiy mezonlar asosida (talabgor nomida uy-joy yo`qligi, ijarada turishi, boshqa oila bilan bir uyda yashashi, ko`p bolalilik va b.) aniqlaydi;
arizani ko`rib chiqish va uy-joy sharoitini o`rganish natijasida komissiya yozma tavsiya berish yoki yozma tavsiya berishni rad etish to`g`risida qaror qabul qiladi;
yozma tavsiya berilgan talabgorlar dastlabki shartnomalarni tuzish uchun injiniring kompaniyasi filialiga murojaat qiladi.
2020 yil dasturlari doirasida uy-joy sharoitlarini yaxshilashga ehtiyojmand mehnat migrantlari uchun ipoteka kreditlarini ajratish bo`yicha:
imtiyozli davr – 1 yil;
kreditdan foydalanishning birinchi 5 yili davomida har yili foiz stavkasini qat`iy belgilangan 7 foizdan qayta moliyalashtirish stavkasi darajasigacha bir me`yorda oshib boradigan stavkada va keyingi davrda qayta moliyalashtirish stavkasida belgilanadi.
Eslatib o`tamiz, Prezidentning 2019 yil 20 avgustdagi PF-5785-son Farmonida (https://lex.uz/docs/4482648) uy-joy sharoitlarini yaxshilashga ehtiyojmand mehnat migrantlariga 2020 yilda uy-joylar qurilishi bo`yicha davlat dasturlarining ijrosi doirasida ko`p kvartirali uylardan 3 462 ta xonadon ajratilishi belgilangan.






