Innovasion Rivojlanish vazirligi ko`magi asosida Doktor Maqsudova klinikasida 27-28 yanvar kunlari AQShning Florida shtati Tampa shahrida joylashgan Lions Eye Institute for transplant and Research klinikasining ko`z mikrojarrohlarini jalb etgan holda mahorat darslari o`tkazildi. Bu haqda "Darakchi"ga Innovasiya vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Mahorat darsi davomida mutaxassislar ko`z shoh parda kasalligi bilan uzoq yillardan beri xastalanib kelayotgan 25 nafar hamyurtimiz uchun bepul maslahat kuni tashkil qilindi. Shuningek 4 nafar bemorda noyob mikrojarrohlik amaliyoti o`tkazildi. Bundan tashqari 4 nafar mahalliy ko`zjarrohlari o`qitilib, maxsus sertifikat topshirildi.
Tadbir davomida mutaxassislar yurtimizda ko`z mikrojarrohligi va uning istiqbollari xususidagi fikr-mulohazalarini bildirishdi.
Erkin Abdullaev, Lions Eye Institute for transplant and Research shifoxonasining klinik va innovasion rivojlanish bo`yicha boshqaruvchisi:
"Men 1993 yilgacha akademik V. Vohidov nomidagi Jarrohlik ilmiy markazida kardiojarroh sifatida faoliyat yuritganman. AQShda esa ko`z shoh pardasi transplantasiyasi sohasida ishlay boshladim. Ana o`shanda bu soha nima uchun okean ortida yaxshi rivojlangan-u, bizda esa bu masalada ko`p muammolarimiz borligi haqida ko`p o`yladim. 1999 yildan esa maxsus dastur bo`yicha donorlik ko`z shoh pardalari Amerikadan yurtimizga jo`ntilishini yo`lga qo`ydik. Ko`z shoh pardasi shikastlangan bemorlar og`ir kasallikka chalinglar guruhiga kiradi. Ularni faqatgina ko`z shoh pardasini transplantasiya qilish bilangina davolash mumkin. Bunda ularning shikastlangan ko`z shoh pardasi sog`lom ko`z shoh pardasi bilan almashtiriladi. Shoh parda bu ko`zning oynasidek gap.
O`zbekistondan “Ko`z banki” bo`lmagani sababli hozirga qadar donorlik materiallarini xorijdan sotib olishga to`g`ri kelmoqda. Bosqichma-bosqich xorijlik ko`z jarrohlari O`zbekistonga kelib, mahalliy jarrohlarni transplantasiyaning yangi usullari bilan tanishtirmoqda. So`ngii besh yilda respublika bo`yicha bu yo`nalishda 108 ta jarrohlik amaliyoti bajarilgan. O`zbekistonda yiliga 1000 nafar bemor shunday operasiyalarga muhtoj.
Ko`z shoh pardasi donorligining huquqiy jihatlari muhim ahamiyat kasb etadi. Odam tirik paytida ko`z shoh pardasini olinishiga yoki vafot etganidan so`ng uning qarindoshlaridan donorlikka ruxsat olinishi tartibi ishlab chiqilishi zarur. Bunda vafot etgan donorning ayrim kasalliklar bilan og`rimagani hisobga olinishi kerak. Masalan, donorda sepsis yoki boshqa ko`z kasalliklari bo`lmasligi shart. Ko`z shoh pardasida qon tomirlari o`tmagani bois bemorning qon guruhi ahamiyatga ega bo`lmaydi. Odatda bunday operasiyalar hamisha muvaffaqiyatli o`tadi.
AQShda mazkur jarrohlik amaliyotining muvaffaqiyatlilik darajasi 99,9 foizni tashkil etadi. Donorlik bo`yicha qonun O`zbekistonda ishlab chiqilgan, endi tasdiqlanish arafasida. Bu huquqiy-me`yoriy hujjat hukumatimiz tomonidan qo`llab-quvvatlansa, O`zbekistonda minglab odamlar uchun mazkur jarrohlik amaliyoti bir necha barobarga arzonlashadi.
Ko`z shoh pardasining donori bo`lishga odam tiriklik davrida yoki o`lganidan so`ng qarindoshlari tomonidan rozilik bildirishi xorijiy davlatlarda bepulga amalga oshiriladi. Shoh parda inson vafotidan so`ng qancha tez olinsa shuncha yaxshi — 24 soatgacha olish tavsiya etiladi. Ko`z shoh pardani olinganidan so`ng u mineral va antibiotik vositalari bilan boyitilgan eritmaga joylanadi.
Zulfiya Maqsudova, DMS klinikasi rahbari:
"Hozirgi kunda ko`z shoh pardasi transplantasiyasi bo`yicha amalga oshiriladigan jarrohlik amaliyotining narxi 20-25 million so`mni tashkil etadi. Agar biz O`zbekistonda “Ko`z bank”ini tashkil etsak, u holda bu operasiyaning narxi bir necha baravarga arzonlashadi. Vaholanki, hozirda bizning klinikamizda shunday turdagi jarrohlik amaliyoti boshqa shifoxonalarga nisbatan 40 foizga arzonroq amalga oshirilmoqda. Buning uchun bizga huquqiy-me`yoriy qonunlarni qabul qilishimizning o`zi kifoya. Negaki klinika texnik jihatdan bunday operasiyalarni amalga oshirishga tayyor, jarrohlarimizning ham tajribalari etarli".






