AsosiyJamiyat

Nukusda askarlar imtiyozli tavsiyanoma olish uchun test topshirishdi

'Nukusda askarlar imtiyozli tavsiyanoma olish uchun test topshirishdi'ning rasmi

28 yanvar kuni Shimoli-g`arbiy harbiy okrugning Nukus garnizonida muddatli harbiy xizmatni o`tayotgan harbiy xizmatchilar O`zbekiston Respublikasi oliy ta`lim muassasalariga o`qishga kirish uchun harbiy qism qo`mondonligining imtiyozli tavsiyanomalariga ega bo`lish uchun test sinovlarini topshirishdi. Bu haqda "Darakchi.uz"ga Shimoli-g`arbiy harbiy okrug matbuot xizmati xabar berdi.

Ta`kidlash joizki, O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 5 iyuldagi PF–5759-son “O`zbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga o`zgartirish va qo`shimchalar kiritish, shuningdek, ba`zilarini o`z kuchini yo`qotgan deb hisoblash to`g`risida”gi Farmoni va 2012 yil 31 maydagi PQ–1765-son “O`zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari safida muddatli harbiy xizmatni o`tab bo`lgan fuqarolarga imtiyozlar tizimini takomillashtirishga oid qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risida”gi qaroriga muvofiq O`zbekiston Mudofaa, Ichki ishlar va Favqulodda vaziyatlar vazirliklari hamda Davlat xavfsizlik xizmati va Milliy gvardiyasining qo`shma qarori qabul qilingan.

Mazkur qo`shma qarorga muvofiq, o`z harbiy burchini vijdonan ado etgan va harbiy qism komandirining imtiyozli tavsiyanomasiga ega bo`lgan yigitlar respublikaning oliy harbiy ta`lim muassasalaridagi tegishli ta`lim yo`nalishlariga o`qishga kirishda test sinovlari natijalariga ko`ra to`plagan ballarining 50 foizi miqdorida qo`shimcha ball shaklidagi imtiyoz, shuningdek, oliy ta`lim muassasalari (oliy harbiy ta`lim muassasalari bundan mustasno) bakalavriatiga o`qishga kirishi uchun tegishli o`quv yiliga tasdiqlanadigan oliy ta`lim muassasalariga qabul parametrlaridan tashqari alohida qabul ko`rsatkichlari doirasida tanlovda ishtirok etish uchun ushbu tavsiyanoma beriladi.

Nukus garnizonidagi harbiy qismlarning birida o`tkazilgan sinovlar eng sara askarlarni aniqlash va ularga qo`shimcha imtiyoz shaklida tavsiyanomalarni berish uchun saralashning yakuni hisoblanadi. Chunki, harbiy xizmat mobaynida har bir askar jangovar va ma`naviy-ma`rifiy tayyorgarlikdan olgan baholari, xizmatda erishgan yutuqlari hamda namunali hulqi va vazifalarni vijdonan bajarayotganligi nazorat qilinadi. 

Okrug qo`shinlari qo`mondonligi tomonidan mazkur test sinovlarida adolat tamoyillariga asoslangan holda shaffoflikni ta`minlash maqsadida tashkil etilgan 8 ta auditoriyaning barchasida kuzatuv kameralari o`rnatilgan bo`lib, ular orqali real vaqt mezoni shaklida ko`rsatilayotgan videotasvirlarning barchasi tizimga yozib saqlanadi.

O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi Qoraqalpog`iston Respublikasi bo`limi tomonidan olingan test sinovlari davomida qoida va qonun buzilish holatlari qayd etilmadi. Harbiy xizmatchilarning sonini inobatga olgan holda test sinovlari bugun 29 yanvar kuni ham davom etadi.

    Boshqa yangiliklar