Paxtachi tumanida toshdan oltin moddasi ajratish sexi faoliyati fosh etildi. Bu haqda “darakchi.uz”ga Bosh prokuratura Matbuot xizmati ma`lum qildi.
Keltirilishicha, Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Paxtachi tuman bo`limihamda tuman prokuraturasi xodimlari tomonidan hamkorlikda, Paxtachi tuman Sohilbo`yi ko`chasida tezkor tadbir o`tkazildi. Unda, fuqaro J.Q. va boshqalar “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” davlat korxonasiga qarashli “Qoraqo`ton” tog` tizmasidagi maxsus hududdan yashirin ravishda tarkibida qimmatbaho oltin moddasi bo`lgan tosh xom ashyosini o`g`irlik yo`li bilan kovlab olib, “I.E.” MChJ.gaqarashli issiqxonada yashirin sex tashkil qilib, tosh mahsulotlarini qayta ishlash orqali oltin moddasini ajratib olish faoliyati bilan shug`ullanib kelganliklari aniqlandi. Ulardan 445 kg. tog` toshlari, 666 kg. qum hamda tog` jinslarini bo`laklash va maydalashga mo`ljallangan qo`lbola usulda yasalgan tegirmon va boshqa jihozlar ashyoviy dalil sifatida olingan.
“Navoiy kon-metallurgiya kombinati” davlat korxonasining kimyoviy ekspertizasi xulosasiga ko`ra, ashyoviy dalil sifatida olingan qum va toshlarning tarkibida ma`lum miqdorda oltin moddasi mavjudligi aniqlanib, ularning umumiy qiymati 12,2 mln. so`mni tashkil etgan.
Mazkur holat yuzasidan J.Q. va boshqalarga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddasi bilan jinoyat ishi qo`zg`atilib, tergov harakatlari o`tkazilmoqda.






