AsosiyJamiyat

Navoiy viloyatidagi olis ovulda vatanparvarlik aksiyasi o`tkazildi

'Navoiy viloyatidagi olis ovulda vatanparvarlik aksiyasi o`tkazildi'ning rasmi

Mudofaa vazirligi harbiylari Navoiy viloyatidagi olis O`temurat ovulida vatanparvarlik targ`iboti aksiyasini o`tkazishdi. Bu haqda "Darakchi"ga Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikasiyalar departamenti xabar berdi.

Harbiy xizmatchilar, davlat va jamoat tashkilotlari vakillaridan iborat vatanparvarlik targ`iboti karvonining navbatdagi manzili Navoiy viloyatining Tomdi tumaniga qarashli Shieli ovul fuqarolar yig`iniga qarashli O`temurat ovuli bo`ldi. 

Ushbu manzil sahro marvaridi atalmish Zarafshon shahridan 200 chaqirim olisda, cho`l ichkarisida joylashgan.Tashqarida izg`irin shamol esib, qor aralash yomg`ir yog`moqda. Ammo bag`ri keng va mehmondo`st ovul ahli targ`ibotchilarni iliq qarshi oldi.

Tadbirning asosiy marosimlari ovuldagi 8-umumta`lim maktabi sport zalida tashkil qilindi.  O`temuratliklarning olqishlari ostida ular e`tiboriga harbiy orkestr tomonidan harbiy-vatanparvarlik ruhidagi kuy-qo`shiqlar havola etildi. So`zga chiqqan harbiy xizmatchilar tinchlik uchun kurashish lozimligini ta`kidlab, bu yo`lda vatanparvarlik tuyg`usi engilmas kuch baxsh etishini ta`kidlashdi. 

Maktabda tahsil olayotgan o`quvchi yoshlar Vatan va mardlik haqida yod olgan she`rlarini o`qidilar.  Mehmonlar ularga turli badiiy adabiyotlar jamlanmasidan iborat kitoblar sovg`a qildi. 

Namoyish etilgan qurol-yarog` va harbiy aslaha-anjomlar namoyishi barchada katta qiziqish uyg`otdi.  

Shuningdek Mudofaa vazirligiga qarashli Zarafshon shahrida joylashgan Toifalangan ob`ektlarni qo`riqlash qo`shinlari qo`mondonligi harbiy xizmatchilari tomonidan qo`l jangi va jangovar san`atga oid ko`rgazmali chiqishlar namoyish etildi. 

Ovul fuqarolari va harbiy xizmatchilar o`rtasida tashkil qilingan arqon tortish musobaqasi olqish va qiyqiriqlar ostida kechdi.  

Harbiy xizmatchilar shu ovulda istiqomat qiluvchi qarilik gashtini surayotgan dongdor chorvador, O`zbekiston qahramoni 73 yoshli Seripbay ota Sagatov bilan ham uchrashib, nuroniyning holidan xabar oldi. Dilkash suhbatdan so`ng otaxon tinchlik va yurt himoyachilariga omad tilab duo qildi.

Harbiy xizmatchilar shuningdek, O`temuratda yashovchi ijtimoiy ko`makka muhtoj oilalarning holidan xabar olib, ularga moddiy va ma`naviy yordam ko`rsatishdi. 

Vatanparvarlik tadbirlari davom etmoqda. 

Boshqa yangiliklar