AsosiyJamiyat

Germaniya kompaniyasi Toshkent hayvonot bog`ini rivojlantirishga 5 million dollar sarmoya kiritadi

'Germaniya kompaniyasi Toshkent hayvonot bog`ini rivojlantirishga 5 million dollar sarmoya kiritadi'ning rasmi

Germaniyaning dan pearlman Group kompaniyasi Toshkent hayvonot bog`ini rekonstruksiya qilish loyihasini ishlab chiqishda yordam beradi. Bu kompaniya Germaniya, Gruziya, Italiya, Buyuk Britaniya, Daniya, Janubiy Koreya va boshqa mamlakatlarda hayvonot bog`larini rivojlantirish rejalari va dizaynlarinini ishlab chiqqan. 

Poytaxt hayvonot bog`ini rekonstruksiya qilish hukumatning 2019 yil dekabrdagi qarorida ko`zda tutilgan bo`lib, mas`uliyati cheklangan jamiyatga aylantirilgach uning ishonchli boshqaruvi Wildlife Care kompaniyasiga topshirilishi ko`zda tutilgan.

Wildlife Care bosh direktori Abdumalik Siddiqov «Gazeta.uz»ga bergan intervyusida avvalo nemis mutaxassislari hayvonot bog`ining hozirgi holatini baholashini, buning uchun ular hayvonlarni saqlash sharoitlari, jonivorlar ekspozisiyasi va hayvonot bog`i infratuzilmasi bilan tanishishlarini aytdi.

Bir oydan so`ng dan perlman Group hayvonot bog`ini qayta ta`mirlash bo`yicha o`z tavsiyalarini taqdim etadi.

Mutaxassislar hayvonlaruchun qulay muhitni buzmagan holda qanday qilib voerlarni rekonstruksiya qilish yoki kengaytirish, shuningdek, hayvonot bog`ida ko`ngilochar joylar, do`konlar va kafelarni qoldirish mumkinligi haqida tavsiyalar beradi. Abdumalik Siddiqovning so`zlariga ko`ra, attraksionlar hayvonot bog`ining uzoq qismiga ko`chiriladi yoki mutaxassislar ulardan voz kechishni tavsiya qilsalar, ular buzib tashlanadi.

Uning qo`shimcha qilishicha, Toshkent hayvonot bog`i «ko`p jihatdan» hayvonlarni saqlash bo`yicha xalqaro standartlarga javob beradi. Biroq, to`siqlar to`g`ri o`rnatilmagan, hayvonlar va odamlarni himoya qilish uchun malakali muhandislik echimlari lozim.

Mutaxassisning aytishicha yirtqichlarni saqlash sharoitlari standartlarga mutlaqo mos emas. Bu bo`yicha konstruktiv me`moriy echimlarni izlash kerak. Primatlar uchun pavilon ham xalqaro standartlarga javob bermaydi. Ularni muvofiqlashtirish uchun xorijiy tajribalar o`rganilyapti.

«Biz nafaqat odamlarni hayvonlardan, balki hayvonlarni ham odamlardan himoya qilishimiz kerak", – dedi Abdumalik Siddiqov.

Hayvonot bog`i hududida sotishga ruxsat berilgan oziq-ovqat mahsulotlari ro`yxatini tuzish va do`konlar sonini uch baravarga qisqartirish rejalashtirilmoqda, dedi u. –Hayvonot bog`ida doimiy ishlaydiganlar sonining ortishi tashrif buyuruvchilar tomonidan hayvonlarning ovqatlantirilishiga chek qo`yadi. Videokuzatuv tizimini o`rnatish hamda tashrif buyuruvchilarga hayvonlar to`g`risida ma`lumot beradigan yo`lboshlovchilar ham bunga yordam beradi.

Abdumalik Siddiqov ta`kidlashicha, so`nggi olti oy ichida Toshkent hayvonot bog`ida hayvonlar o`limi kamaygan. Hayvonlarning sifatli tekshirilishini ta`minlash uchun ular uchun reabilitasiya markazi barpo etiladi.

Aytilishicha 2024 yilgacha Wildlife Care hayvonot bog`ini rivojlantirish uchun 5 million dollar sarmoya kiritadi. Abdumalik Siddiqov xodimlarning ish haqini oshirish, samarali boshqaruv va shaffof xaridlar tizimini yaratish rejalashtirilganligini ta`kidladi.

Besh yil ichida hayvonot bog`ining foydaga kirishi kutilmoqda, olingan foyda ham keyinchalik uni rivojlantirishga yo`naltiriladi.
 

Boshqa yangiliklar