Avval xabar qilganimizdek, kecha “HUMAN” xususiy bandlik agentligi bilan bog`liq mojarolarga nuqta qo`yildi.
Ma`lumki, ushbu agentlik fuqarolarni xorijga ishga yuborishni va`da qilib, ko`plab kishilarni aldov yo`li bilan ishonchiga kirib, pul mablag`larini olib, o`z shaxsiy manfaatlariga ishlatib yuborgan.
Buni amalga oshirgan shaxs asli qashqadaryolik, 28 yoshli Sh.Fayzullaev bo`lib, unga nisbatan jinoyat ishi qo`zg`atilgan.
Jinoyat ishlari bo`yicha Toshkent viloyati sudida “HUMAN” xususiy bandlik agentligi” mas`uliyati cheklangan jamiyati rahbari Sh.Fayzullaevning jinoyat ishini ko`rib chiqish bo`yicha sud jarayoni 2020 yil 27 yanvar kuni nihoyasiga etdi.
Sud hukmiga ko`ra, katta miqdordagi firibgarliklarni amalga oshirgan bu shaxs o`n yilga ozodlikdan mahrum qilindi.
Sud hukmida Sh.Fayzullaevdan 1080 nafardan ortiq jabrlanuvchi foydasiga 21 milliard so`mdan ziyod miqdordagi moddiy zararni undirish belgilandi.
Ushbu xabardan keyin ko`pchilikda odamlarga etkazilgan zarar qanday qoplanadi, aybdor sal o`tmay qamoqdan qutilib ketadimi, degan mazmunda turli savollar, mulohazalar tug`ildi.
Bunga Oliy sud matbuot xizmati rahbari Aziz Obidov aniqlik kiritdi.
Ma`lum qilishlaricha, mazkur jinoyat ishi bo`yicha Ichki ishlar vazirligi Tergov departamentining depozit hisob raqamida 1 milliard 290 million 913 ming 279 so`m mablag` saqlanmoqda. Bu pullar jabrlanuvchilarga etkazilgan zararni qoplashga qaratilib, proporsional tarzda taqsimlab beriladi.
Shuningdek, dastlabki tergov davrida Sh.Fayzullaevga tegishli bo`lgan Toshkent shahri Sergeli tumani 8-mavzesidagi 23-uyning 16-xonadoni, Mirzo Ulug`bek tumani Sayram ko`chasidagi 109/22-uy, Olmazor tumani Sebzor S-17/18 mavzesidagi 4a-uyning 14-xonadoni, Toshkent viloyati Zangiota tumani Alisher Navoiy ko`chasidagi 75-uy, davlat raqami 01 G 418 GB bo`lgan “Kaptiva” rusumli avtomashina xatlangan.
Bu mol-mulklar ijro organlari orqali sotuvga qo`yiladi va sotuvdan tushgan pul mablag`lari jabrlanuvchilarga etkazilgan zararni qoplash uchun ularga proporsional tarzda taqsimlab beriladi.
Sh.Fayzullaev tomonidan faoliyati davrida sotib olingan davlat raqami 01 D 296 GB bo`lgan “KIA” rusumli yuk avtomashinasi, davlat raqami 10 G 400 AA bo`lgan “Lasetti” rusumli avtomashinasi, davlat raqami 01 W 688 FB bo`lgan “Kobalt” rusumli avtomashinasi ham ijro organlari orqali sotuvga qo`yiladi.
Sotuvdan tushgan pul mablag`lari jabrlanuvchilarga etkazilgan zararni qoplash uchun ularga proporsional tarzda taqsimlab beriladi.
Shuningdek, jabrlanuvchilar jinoyat oqibatida etkazilgan ma`naviy zararlarni undirish masalasida fuqarolik tartibida sudga murojaat qilish huquqiga ega.
Yuqoridagi holat, birovning haqi o`zgaga buyurmasligi yoki xalq tili bilan aytganda “teshib chiqishi”ning yana bir isboti bo`ldi.






