Sahifamizning galdagi mehmoni ilk marotaba “Laylijon” qo`shig`i bilan xonish qilgan edi. Qo`shiq ham, ijro ham yomon emas... Ammo san`atkor uchun to`rt yil davomida bitta xit qo`shiq kamdek, nazarimizda. Qani, shu kabi qaltis savollarimizga Farhod FAYZ nima deb javob berarkin?
— San`at sohasiga kirib kelishingizdan avval qaysi sohada faoliyat yuritgansiz?
Xususiy tadbirkor edim. Qolaversa, dadam boks murabbiyi bo`lgani bois unga yordam berib turardim. Dadam san`atga ham qiziqar, Buxoro viloyatidagi maktablarning birida musiqa va jismoniy tarbiya o`qituvchi bo`lib ishlaganlar. Bo`sh vaqtlarida esa qo`shiq kuylab, xalq xizmatida bo`lgan. Mendagi san`atga bo`lgan qiziqish dadamdan o`tib, ularning qo`shiqlarni katta sahnalarda kuylay boshladim. Keyinchalik dadam menga oq fotiha berdi va poytaxtga kelib ijod qila boshladim. 2011yilda kuylagan ilk “Leylijon” nomli qo`shig`imga tarixiy uslubda klip suratga olib, efir orqali taqdim etdik. Qo`shiq va klip yuzasidan muxlislardan iliq fikrlar eshitdik.
— Demak, san`at sohasida ma`lumotingiz yo`q, shundaymi?
— Nega endi? Hozir madaniyat institutining folklor bo`limi ikkinchi kurs talabasiman. Mana shu kabi savollarga dadil javob berish uchun, qolaversa, o`zim shu sohaga qiziqqanim bois ham o`qishni erta kechi yo`q deb o`yladim...
— Ijodingizni boshlaganingizga to`rt yil bo`lipti. Ammo to`rt yil ichida atigi bitta qo`shig`ingiz muxlislar ko`nglidan joy oldi...
— Gapingizda jon bor. Buning sababi, kuylagan qo`shiqlarimni etarlicha reklama qilmadim. “Alam”, “Sendan sado yo`q”, “Uyda kutar ayolim”, “Gulim desam”, “Vatan” kabi qo`shiqlarni yozdik. Ba`zilariga klip ham suratga oldik. “Sendan sado yo`q”, “Alam” nomli qo`shiqlarimiz “Navo” telekanali orqali taqdim etildi.
— Sizni poytaxtda ko`pchilik tanimaydi... Viloyatlarda muxlislaringiz ko`p bo`lsa kerak?
— Gapingizga qo`shilmayman. Viloyatlarda qancha ko`p muxlislarim bo`lsa, poytaxtda ham undan kam emas. Balki qo`shiqlarimni teleekran orqali reklama qilmaganligim bois ko`pchilik bilmas, ammo to`y xizmatlarida, tadbirlarda faol ishtirok etib kelyapman. Keyin men birov tanishi uchun ijod qilmayman. Aksincha, o`zim san`at sohasini sevganim bois, chiroyli qo`shiqlar yaratib xalqqa etkazgim, qo`shiqlarim bilan ular ko`ngliga kirib borgim keladi.— Qaysi san`atkorning ijodini kuzatib, qo`shiqlarin sevib tinglaysiz?
— Men o`zim yuz foiz ijodini sevib tinglaydigan san`atkor yo`q. Ammo Jahongir Otajonov, Yulduz Turdieva, Gulsanam Mamazoitova, Otabek Muhammadzohid, Og`abek Sobirov, Munojot Yo`lchieva singari san`akorlarning ijodini hurmat qilaman.
— O`zingizga va ijodingizga yuqori baho berasizmi?
— San`atdan oldin sport sohasida ishlaganim bois o`zimga bo`lgan ishonchim yuqori. Ammo manmansirash, kimdandir o`zimni baland qo`yish, birovni kamsitish kabi qusurlar menga begona.
— Ayting-chi, tanilish uchun nimalar kerak deb o`ylaysiz?
— Xalq ichiga kirib borish uchun yaxshi qo`shiq, she`r, musiqa yaratish, yaxshi klip suratga olish kerak. Muhimi, o`sha yaratayotgan qo`shiq va klipda xalq dardi namoyon bo`lsa, u ommaga ko`proq manzur bo`larkan. Bugungi kun shou biznesi esa ko`proq reklamani talab qilyapti. Shu bois san`atning nonini eyish ham oson emasligini anglab etdim.
— San`atga kech kirib keldingiz, bugungi shiddatli shou biznesda porlab chiqaman, deb o`ylaysizmi?
— Ko`rinishimga qarab emas, san`atimga qarab baho bersangiz yaxshi bo`lardi. Asl tinglovchi, asl muxlis san`atkorning ko`rinishiga emas, san`atiga qiziqadi. Qolaversa, hech qaerda yozib qo`yilmaganku, san`atda faqat yoshlar ijod qilishi kerak deb...(jilmayadi).
— Lekin bugungi yosh tinglovchilar sizning qo`shiqlaringizni tinglashiga ishonasizmi?
—Men aynan muayyan bir auditoriya uchun ijod qilmoqchi emasman. Agar bugunning yosh zamonaviy tinglovchisi qo`shig`imni yoqtirmasa, demak u o`zbek milliy estrada qo`shiqlarini tushunmaydi va ijodimni baholay olmaydi. Haqiqiy san`atsevar tinglovchi esa qo`shiqlarimni sevib tinglamasa-da, har holda ijodimni kuzatib, san`atimga baho bera oladi, deb o`ylayman... Masalan, “Laylijon” nomli qo`shig`im ko`plab muxlislarga manzur bo`ldi. Yaqinda Buxoro yo`nalishdagi yangi “Umidaxonim kelodi”, “Niginaxonim”, “Yangalar” kabi sho`x qo`shiqlarimiz yosh muxlislar ko`nglidan joy olishiga ishonaman.
— Loyihamiz qaltis savollardan iborat edi. Shu bois xafa bo`lmadingiz, deb umid qilamiz. Ijodingizga esa omad tilab qolamiz.
— O`zi ortiqcha gap ko`tara olmayman. Yaqinlarim, do`stlarim ham men bilan uncha-munchaga hazillashishmaydi. Ammo ba`zi tanqidlaringiz o`rinli bo`lganligi uchun, sabr bilan javob berdim (kuladi).
Mohichehra EShMIRZAEVA suhbatlashdi





