Ijtimoiy tarmoqlarda Navoida o`t o`chiruvchilar kech kelgani sababli uy yonib bitgani haqida xabarlar tarqalgandi. Viloyat Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi ushbu holat yuzasidan shunday izoh berdi.
2020 yil 20 yanvar kuni soat 06:40 larda Navoiy viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi navbatchilik qismiga Navoiy shahri “Guliston” massivi Bog`ishamol ko`chasi 3/2-uyda yong`in bo`layotganligi to`g`risida “101” raqami orqali xabar berilgan.
Navoiy shahar Favqulodda vaziyatlar bo`linmasi 2-Yong`in-qutqaruv qismidan ikkita yong`in o`chirish avtomobillari soat 06:41 da qismdan chiqib ketgan hamda yong`in sodir bo`lgan manzilga 06:51da etib borgan.
Bo`linmalar ko`rsatilgan manzilga etib borganida yong`in xonadonning darvozaxonasi, barcha xonalari va tom qismi bo`ylab alanga bilan qoplangan holatda bo`lganligi tufayli dispetcherlik xizmatiga qo`shimcha kuchlarni zudlik bilan jalb qilish to`g`risida xabar berilgan.
Yong`inni tezkorlik bilan bartaraf etish maqsadida xonadonning ikki tomonidan, ya`ni darvozaxona hamda tom qismidan bir vaqtning o`zida uzluksiz suv purkash ishlari amalga oshirilgan.
Shuningdek, yong`inning qo`shni binolarga o`tib ketmasligi hamda yong`in tarqalishining oldini olish maqsadida qo`shni xonadonlardan ham qo`shimcha dastaklar orqali suv berilishi natijasida soat 06:55 da yong`in to`liq qurshab olinib, olovning tarqalishi cheklangan.
Bundan tashqari yong`in sodir bo`lgan joyga 1-yong`in-qutqaruv qismidan 1 ta yong`in o`chirish avtomobili soat 07:02 da yordamga etib kelgan va yong`inni o`chirayotgan bo`linmalarni uzluksiz suv bilan ta`minlab turgan.
Olib borilgan tezkor amaliyotlar natijasida yong`in soat 07:25 da to`liq bartaraf etilgan hamda yong`in o`chirish bo`linmalari tomonidan sodir bo`lgan yong`in joyini qismlarga ajratish, yong`in oqibatlarini bartaraf etish ishlari olib borilgan.
Sodir bo`lgan mazkur yong`inning kelib chiqish sabablarini o`rganishning dastlabki natijalariga ko`ra quyidagilar ma`lum bo`ldi:
Xonadon egasi fuqaro R.Narziev yashash uyining yotoqxonasida televizor ko`rib turgan vaqtda uyning shift qismidan shiqirlagan shovqin eshitilganligini, shundan so`ng, uyning tom qismiga chiqib qaraganda uy ichidan tomga chiqqan isitish pechining dudburoni atrofi yonayotganligini ko`rgan ham bir qancha muddat olovni o`zi o`chirishga harakat qilgan. Shuningdek, R.Narzievning aytishicha yong`in ko`lami kengayib borayotganligi va o`chirishga kuchi etmasligini bilgachgina qutqaruv xizmatiga xabar bergan.
Yong`in o`chirish bo`linmalari yong`in joyiga etib borgan vaqtda, yong`in xonadonning mehmonxonasidan darvozaxonaga qadar tom qismi bo`ylab alanga bilan qoplangan holatda bo`lgan.
Yong`indagi vaziyat, ya`ni olovning tarqalish vaqti va tezligining belgilangan me`yorlar asosidagi tahlili shuni ko`rsatmoqdaki, yong`in o`chirish bo`linmalari kelgunga qadar yong`in boshlang`ich nuqtasidan so`nggi nuqtasiga qadar 18 metr masofani bosib o`tgan.
Bu shundan dalolatki, yong`inning tarqalish tezligi 0,5 metr/daqiqa ekanligi inobatga olinadigan bo`lsa, sodir bo`lgan ushbu yong`in 18 metr masofani 32 daqiqa vaqt ichida bosib o`tgan. Xonadon egasi tomonidan dastlabki yong`in qutqaruv xizmatiga 06:40 da xabar berilgan. Olib borilgan o`rganish va surishtiruvlarga ko`ra yong`in 06:20 larda boshlangan.
Ushbu holat yuzasidan hozirgi kunda tergovga qadar surishtiruv ishlari olib borilmoqda.






