Majburiy ijro byurosining Navoiy viloyat boshqarmasi tarkibiy tarmoqlari va tuman-shahar bo`limlari tomonidan O`zbekiston Respublikasining “Jismoniy va yuridik shaxlarning murojaatlari to`g`risida”gi Qonuni ijrosini ta`minlash borasida qator ijobiy ishlar amalga oshirilib, 2019 yilning 12 oyi davomida viloyat bo`yicha jami 4 614 ta ariza va shikoyatlar belgilangan tartibda o`rganib chiqilgan va natijasiga ko`ra 2130 tasi qonoatlantirilib, jami 2.2 mlrd. so`mdan ziyod mablag` undirilgan.
Xususan, boshqarma tomonidan V.Fayzievning xususiy korxonasidan qarz undirish haqidagi murojaatini ko`rib chiqish davomida jamiyat foydasiga 13 mln. 594 ming 218 so`m pul mablag`lari undirib berilishi ta`minlangan va fuqaroning murojaati qanoatlantirilgan.
Shuningdek, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ma`naviy-ma`rifiy islohotlar jarayonida oilalarni yanada mustahkamlash, xonadonlarda tinchlik-xotirjamlik, jamiyatda ahillik va o`zaro hurmat muhitini ta`minlashga alohida e`tibor qaratilmoqda.
Biroq, shunday ota-onalar ham uchraydiki, ajrashib ketgani etmaganday farzandlarining keyingi taqdiriga ham befarq bo`lishadi, ularni moddiy ta`minlash vazifasi qonun bilan belgilab qo`yilgan bo`lsa-da, bunga e`tibor qaratishmaydi.
Masalan, byuroning Zarafshon shahar bo`limi tomonidan fuqaro K.D.ning 1 nafar farzandining moddiy ta`minoti uchun qarzdor D.N.dan aliment pullarini undirish haqidagi murojaatini ko`rib chiqish davomida, qarzdor muqaddam ma`muriy javobgarlikka tortilgandan so`ng aliment summalarini to`lamaganligi aniqlanib, ushbu holat yuzasidan D.Narimonovga nisbatan JKning 122-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo`zg`atilib, ayblov dalolatnomasi bilan jinoyat ishlari bo`yicha sudga yuborilgan va jazo muqarrarligi ta`minlangan.
Shu bilan birga, aholi bilan to`g`ridan-to`g`ri muloqot qilib, ularni qiynayotgan muammolarni joyida ko`rib chiqish maqsadida joylarda sayyor qabullar tashkil qilinmoqda.
Majburiy ijro byurosi Navoiy viloyat boshqarmasi tomonidan jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini xolisona ko`rib chiqilishi, fuqarolarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilinishi qat`iy nazoratga olingan bo`lib, kelib tushayotgan murojaatlar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda o`z vaqtida hal etilishi ta`minlanib borilmoqda.






