AsosiyJamiyat

1 fevraldan qonunchilikda nimalar o`zgaradi?

'1 fevraldan qonunchilikda nimalar o`zgaradi?'ning rasmi

Kun.uz sayti 2020 yil 1 fevraldan boshlab kutilayotgan o`zgarishlarni  havola etdi.

«To`lovlar va to`lov tizimlari to`g`risida»gi qonun kuchga kiradi

Qonunchilik palatasi tomonidan 2019 yil 19 sentyabrda qabul qilingan, Senat tomonidan 2019 yil 11 oktyabrda ma`qullangan va O`zbekiston Respublikasi prezidenti tomonidan 2019 yil noyabrda imzolangan «To`lovlar va to`lov tizimlari to`g`risida»gi qonun shu yilning 1 fevralidan boshlab kuchga kiradi.

Ushbu qonun to`lov xizmatlarini etkazib beruvchi va to`lov xizmatlaridan foydalanuvchi bo`lgan jismoniy va yuridik shaxslar o`rtasida to`lovlarni amalga oshirish hamda to`lov xizmatlari ko`rsatish chog`ida yuzaga keladigan munosabatlarni tartibga soladi.

Qonunning 63-moddasida u rasmiy e`lon qilingan kundan e`tiboran uch oy o`tgach kuchga kirishi belgilangan edi.

Ish haqi, pensiyalar, stipendiyalar hamda nafaqalar miqdori oshadi

O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 31 dekabrdagi «O`zbekiston Respublikasining «2020 yil uchun O`zbekiston Respublikasining davlat byudjeti to`g`risida»gi qonuni ijrosini ta`minlash chora-tadbirlari to`g`risida»gi PQ-4555-sonli qaroriga asosan, 2020 yil 1 fevraldan boshlab byudjet muassasalari va tashkilotlari xodimlarining ish haqi, pensiyalar, stipendiyalar, nafaqalar hamda kam ta`minlangan oilalarga beriladigan moddiy yordam miqdori 1,07 barobarga oshiriladi.

Shuning bilan, 2020 yil 1 fevraldan boshlab:

  • mehnatga haq to`lashning eng kam miqdori — oyiga 679 330 so`m;
  • pensiyani hisoblashning bazaviy miqdori — oyiga 238 610 so`m;
  • eng kam yoshga doir pensiyalar — oyiga 466 680 so`m;
  • bolalikdan nogironlarga beriladigan nafaqa — oyiga 466 680 so`m;
  • zarur ish stajiga ega bo`lmagan keksa yoshdagi va mehnatga layoqatsiz fuqarolarga beriladigan nafaqa — oyiga 286 390 so`m etib belgilanadi.

Bazaviy hisoblash miqdori o`zgarishsiz - 223 000 so`m miqdorda qoldirilgan.

Moddiy yordamning yangi miqdorlari kuchga kiradi

Davlat rahbarining yuqorida ta`kidlangan qarori bilan 14 yoshgacha bolalari bo`lgan oilalarga nafaqa, bola ikki yoshga to`lgunga qadar bola parvarishi bo`yicha nafaqa, kam ta`minlangan oilalarga beriladigan moddiy yordam hamda Qoraqalpog`iston Respublikasi va Xorazm viloyatidagi muhtoj oilalarga bir martalik moddiy yordamlarning 1 fevraldan boshlab hisoblanadigan yangi miqdorlari tasdiqlandi.

Unga ko`ra, 14 yoshgacha bo`lgan:

  • bitta bolali oilalarga 131 000 so`m;
  • ikkita bolali oilalarga 217 000 so`m;
  • uchta va undan ortiq bolali oilalarga 304 000 so`m miqdorda nafaqa to`lanadi.

Shuningdek, 1 fevraldan boshlab, bola ikki yoshga to`lgunga qadar bola parvarishi bo`yicha nafaqa 434 000 so`m, kam ta`minlangan oilalarga beriladigan moddiy yordam 326 000 so`mdan 653 000 so`mgacha, Qoraqalpog`iston Respublikasi va Xorazm viloyatidagi muhtoj oilalarga bir martalik moddiy yordam miqdori esa 434 000 so`mdan 1 085 000 so`mgacha miqdorlarni tashkil etadi.

Mehnatga haq to`lash bo`yicha yangi tarif setkalari amalga kiritiladi

Prezidentning ish haqi, pensiyalar, stipendiyalar, nafaqalar hamda kam ta`minlangan oilalarga beriladigan moddiy yordam miqdorini oshirish to`g`risidagi qaroriga asosan Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi byudjet muassasa va tashkilotlari xodimlarining yangilangan lavozim tarif stavkalari miqdorlarini tasdiqladi. Mazkur yangilangan tarif setkasi joriy yilning 1 fevralidan kuchga kirishi belgilangan.

    Boshqa yangiliklar