O`zbekistonda Sankt-Peterburg Konchilik universiteti bilan hamkorlikda Boshlang`ich muhandislik tayyorgarligi instituti tashkil etiladi. Mamlakatimizda muhandislik va tog`-kon mutaxassisligiga qiziqqan iqtidorli yoshlar uchun yangi ilmiy-innovasion markaz yaratiladi. Bu borada dastlabki kelishuvga Oliy va o`rta maxsus ta`lim vaziri o`rinbosari U.Begimkulovning Sankt-Peterburg Konchilik universiteti rektori Vladimir Litvinenko bilan o`tkazgan muzokaralari davomida erishildi. Institut texnik ta`lim sohasida ilk qadamlar qo`yayotgan iqtidorli yoshlarga kelajakda o`zlari egallaydigan kasbini aniqroq belgilash imkonini beradi. Ya`ni, qaysi bir sohaga – tog` qidiruv, konlarga ishlov berish, foydali qazilmalarni qayta ishlash yoki boshqa yo`nalishlarga qiziqishi kuchliroq ekanligini aniq tasavvur qilishiga yordam beradi. Kelishuvga ko`ra, mazkur institutdagi ta`lim ikki yil muddatda davom etib, muhandislik mutaxassisliklari bilan tanishish, rus va ingliz tillarini o`rganishni o`z ichiga oladi. Ta`lim muassasasini yakunlagach, bitiruvchilarga Rossiyaning O`zbekistonda filiali bo`lmagan yoki hamkor oliy ta`lim muassasalarining, shu jumladan Konchilik universitetining uchinchi kursiga o`qishni ko`chirish imkoniyati beriladi.






