Avval xabar qilganimizdek joriy yilning 18 yanvar kuni Toshkent shahar M.Ulug`bek tumanida surxondaryolik haydovchi “Spark” avtomashinasi bilan xizmat olib borayotgan YPX inspektorlarini qasddan urib ketgandi. Shuningdek, haydovchi inspektorlarni urib yuborib, voqea joyidan yashiringan edi. Ayni paytda mazkur holat yuzasidan IIV YHXBB qo`shimcha ma`lumot berdi.
Keltirilishicha, M.Ulug`bek tumani prokuraturasi tomonidan “2020 yil 18 yanvar kuni Sh. Dillaev tuman hududida jinoyatchilikni oldini olish, huquqbuzarlikka qarshi kurashish, harakat xavfsizligini ta`minlash va jamoat tartibini saqlash uchun o`z xizmat vazifasini olib borayotgan YPX inspektorlarining to`xtash to`g`risidagi qonuniy talabiga bo`ysunmasdan boshqaruvidagi transport vositasi bilan xodimlarni qasddan urib yuborib voqea joyidan yashiringan holat yuzasidan” joriy yilning 22 yanvar kuni fuqaro Sh. Dillaevga nisbatan O`zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 219-moddasi 1 qismi bilan jinoyat ishi qo`zg`atildi.
Hozirda unga nisbatan ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olish qo`llanilgan, deya ma`lum qildi IIV YHXBB Axborot xizmati.






