Toshkent shahar hokimligida 2020 yilda Toshkent shahrining Bektemir, Sergeli, Yunusobod va Yakkasaroy tumanlarida amalga oshirilishi rejalashtirilgan obodonlashtirish ishlari va istiqbolli loyihalarning taqdimlariga bag`ishlangan matbuot anjumani bo`lib o`tdi, deya xabar berdi hokimlik Matbuot xizmati.
Anjuman ishtirokchilari 2020 yilda Toshkent shahrida issiqlik tizimini tartibga solish, mavjud muammolarni bartaraf etish haqida axborot hamda boshqa loyihalar bilan tanishdilar. Farg`ona yo`li, A.Donish va Yangi Sergeli ko`chalarini kapital ta`mirlash, Sergeli tumani kichik sanoat zonasida amalga oshirilishi ko`zda tutilgan "Sergeli industrial park” loyihaviy taklifi shular jumlasidandir. Yakkasaroy KSZ hududida joylashgan korxonalar quyidagi shartlarda ko`chiriladi: ularga bepul asosda er maydoni xususiy mulk huquqi bilan beriladi, yoki mablag`lari etarli bo`lmasa, ularga kerakli inshootlar qurilib, 7 yilgacha muddatli foizsiz to`lov asosida taqdim etiladi.
Yakkasaroy kichik sanoat hududining o`rnida esa ikkita 50 qavatli osmono`par bino va ishbilarmonlik markazi quriladi.
Shuningdek Chirchiq daryosining Toshkent shahri hududidan oqib o`tuvchi qismini tozalash va sohillarini obodonlashtirishga oid loyiha taqdim etildi. Mazkur loyihaning qiymati 100 mln. AQSh dollarini tashkil etib, hududning obodonlashtirilishi natijasida bo`shaydigan er maydonining 245 gektarida Texnopark hamda 320 gektarida zamonaviy bozorlar tashkil etish rejalashtirilgan. Mazkur loyihalar natijasi umumiy 160 ming yangi ish o`rni yaratilishi kutilmoqda.






