Biroz avval kommunal to`lovlardagi asossiz qarzdorliklar bo`yicha o`tkazilgan brifingdan xabarlar bergan edik. Ushbu brifingda ko`tarilgan "chet elga ketganlar, ariq va "kachalka"lardan keladigan suvlar uchun ham pul to`lanadimi" savoliga Uy-joy kommunal xizmat ko`rsatish vazirligi Bosh boshqarmasi boshlig`i o`rinbosari Zuxriddin Zayniddinov shunday izoh berdi:
"“Kommunal xizmatlar ko`rsatish qoidalarini tasdiqlash to`g`risida”gi 194-sonli Vazirlar Mahkamasi qarorining 86-bandida keltirilishicha, iste`molchi yuz bergan o`zgarishlar (egasi, odamlar soni, maydon o`zgarishi, turar joy fondidan noturar joy fondiga va noturar joy fondidan turar joy fondiga aylantirish) paytidan (kunidan) boshlab 10 ish kunidan kechikmay issiqlik ta`minoti xizmatlaridan foydalanish shartnomasi shartlari o`zgarganligi to`g`risida Etkazib beruvchini o`z vaqtida xabardor qilishi shart. Agar xabardor qilinmasa, eski hisob bo`yicha ketaveradi.Agar xonadoningizda 5 kishi ro`yxatda turib, turli sabablarga ko`ra ulardan bir nechtasi ushbu xonadonda yashamayotgan bo`lsa, yashamayotgan xonadon vakillari uchun pul to`lamaslikka haqlisiz. Mana shunday holatlar sababli suv ta`minoti tizimida MIB tashkil etilganidan buyon 140 mlrd. so`mlik noreal qarzdorliklar aniqlangan.
Ariq va “kachalka”lardan foydalanishda sizga suv ta`minoti korxonalari tomonidan xizmat ko`rsatilmagan bo`lsa, bunday hollarda ta`minotchi korxonaga siz hech qanday to`lovni amalga oshirmaysiz."
Hamda brifingda Uy-joy kommunal xizmat ko`rsatish vazirligi Axborot xizmati boshlig`i Alipasha Ahmedov fuqarolardan o`z huquq va majburiyatlarini bilishlari uchun Vazirlar Mahkamasining mazkur 194-sonli qarori va ichimlik suvi ta`minoti bo`yicha o`zining shaxsiy kabinetida to`lovlar haqida ma`lumot olish uchun tashkil etilgan billing tizimi haqida bilishlari kerakligi tavsiya etdi.






