“O`zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o`zgartish va qo`shimchalar kiritish to`g`risida”gi Qonun (O`RQ-603-son, 22.01.2020 y.) Prezident tomonidan imzolandi, deya xabar bermoqda “Huquqiy axborot” telegram kanali.
Qonun bilan 10 ga yaqin qonun hujjatlariga o`zgartish va qo`shimchalar kiritilgan.
Jumladan, Jinoyat kodeksi voyaga etmagan shaxslarning mehnatidan foydalanishga yo`l qo`yilmasligiga oid talablarni buzganlik hamda mehnatga ma`muriy tarzda majburlash uchun javobgarlikni nazarda tutuvchi moddalar bilan to`ldirilgan.
Unga ko`ra, voyaga etmagan shaxs mehnatidan uning sog`lig`iga, xavfsizligiga yoki axloq-odobiga ziyon etkazishi mumkin bo`lgan ishlarda foydalanish, bunday qilmish uchun ma`muriy jazo qo`llanilganidan keyin sodir etilgan bo`lsa:
BHMning 25 baravarigacha miqdorda jarima;
3 yilgacha muayyan huquqdan mahrum qilish;
3 yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi.
Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeksida xususiy bandlik agentliklari to`g`risidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun javobgarlik belgilandi.
Shuningdek, mazkur kodeksda mehnatga ma`muriy tarzda majburlash uchun javobgarlik kuchaytirilgan.
Xususan, mehnatga biron-bir shaklda ma`muriy tarzda majburlash (bundan qonunda nazarda tutilgan hollar mustasno) uchun BHMning 50 baravaridan 100 baravarigacha miqdorda jarima belgilandi.
(Hozirda BHMning 10 baravaridan 30 baravarigacha miqdorda)
Bundan tashqari, Amalga oshirilishi uchun lisenziyalar talab qilinadigan faoliyat turlarining ro`yxati atom energiyasidan foydalanish sohasidagi faoliyat bilan to`ldirilgan.
Qonunning ayrim moddalari va bandlari Qonun rasmiy e`lon qilingan kundan e`tiboran uch oy o`tgach amalga kiritiladi.






