21 yanvar kuni Saudiya Arabistoni safarida bo`lib turgan O`zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Temirxon o`g`li Samarqandiy hazratlari va Din ishlari bo`yicha qo`mita raisi Abdug`ofur Ahmedov Mino, Arofot, Muzdalifa vodiysiga ziyoratga borgan hojilarga xizmat ko`rsatuvchi “Tavofa” muassasasi vakillari bilan uchrashuv bo`lib o`tdi. Bu haqda O`zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati xabar berdi.
Muloqotda 2020 yilgi haj mavsumiga tayyorgarlik masalalari, xususan, o`zbekistonlik hojilarga joy ajratish, ularga qo`shimcha engilliklar qilish, o`tgan yillarda kuzatilgan kamchiliklarni tuzatish va xizmat ko`rsatish darajasini yanada oshirish masalalari muhokama qilindi.
Din ishlari bo`yicha qo`mita raisi Abdug`offor Ahmedov va muftiy Usmonxon Temirxon o`g`li Samarqandiy hazratlari Saudiya Arabistoni podshohligi hukumatiga, “Tavofa” muassasasi rahbariga minnatdorlik bildirib, yurtimiz hojilari nomidan iliq fikrlar aytildi.
O`z navbatida “Tavofa” muassasasi rahbari Toriq Anqoviy ham o`zbekistonlik hojilarning intizom va tartibga rioya qilishda boshqa davlat hojilariga namuna bo`lib, qonun-qoidalarga yuqori darajada amal qilishlarini e`tirof etdi va o`zaro hamkorlikdan mamnun ekanlarini izhor qildi.
Samimiy muloqot so`ngida ishtirokchilar kelgusida hamkorlik ishlarini yaxshi surat va sifatda davom ettirishga kelishib oldilar.






