Oliy Majlis Qonunchilik palatasining barcha qo`mitalarida yangi tarkibdagi Hukumat a`zoligiga nomzodlarni ko`rib chiqish va ma`qullash masalalari muhokama qilinmoqda. Bu haqda O`zA muxbiri xabar bermoqda.
Byudjet va iqtisodiy islohotlar qo`mitasi hamda Sanoat, qurilish va savdo masalalari qo`mitasi yig`ilishida Ochilboy Ramatov O`zbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o`rinbosari lavozimiga nomzod sifatida ko`rsatildi.
Yig`ilishda O.Ramatov O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining harakatlar dasturi haqida to`xtalib o`tdi.
– Asosiy e`tiborimizni hududlarni kompleks rivojlantirishga qaratamiz. “Obod qishloq”, “Obod mahalla” dasturlari doirasida 264 ta qishloq va 80 ta mahallada obodonlashtirish ishlari olib boriladi. Yo`l-transport, muhandislik-kommunikasiya va ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish maqsadida 338 trillion so`mlik 10 ming 605 loyiha amalga oshiriladi. Deyarli barcha shahar markazlarida sitilar barpo etiladi. Samarqanddagi eshkak eshish kanali hududida turistik markaz qurilishi davom etmoqda. 2020-2025 yillarda respublika bo`yicha 280 ta ko`prik va yo`l o`tkazgichlar qurish va rekonstruksiya qilish belgilangan. Shu bilan birga bizda kanalizasiya tizimida katta muammolar bor. Bu muammolarni lokal kanalizasiya tizimini joriy etish yo`li bilan bosqichma-bosqich hal qilamiz. Aholiga sifatli transport xizmati ko`rsatish maqsadida 2 ta Boeing 747 va Aerobus samolyotlari olib kelinadi. “Humo Air” aviakompaniya ochish rejalashtirilgan, – dedi O.Ramatov.






