AsosiyJamiyat

Prezident: “Deputatlarni saylovchilar bilan bog`lash imkoniyatini beradigan mobil ilovalarni ishga tushirish lozim”

'Prezident: “Deputatlarni saylovchilar bilan bog`lash imkoniyatini beradigan mobil ilovalarni ishga tushirish lozim”'ning rasmi

Prezident Shavkat Mirziyoev parlament va deputat so`rovining ta`sirchanligini oshirish zarurligini ta`kidladi. 

- Afsuski, ayrim hollarda deputat so`roviga rahbarning o`zi emas, balki uning o`rinbosari, hatto boshqarma boshliqlari javob qaytarmoqda. O`zingiz ayting, qani bu masalada xalq vakilining obro`si? Parlamentga va deputatga bo`lgan hurmat shumi? Bunday salbiy holatlarga mutlaqo yo`l qo`yib bo`lmaydi, - dedi davlatimiz rahbari.

Prezident parlament va deputat so`roviga vazirlik va idoralar birinchi rahbarlarining shaxsan o`zlari javob berishi shartligini qonunda belgilashni taklif qildi.

Saylovchi va deputatning o`zaro munosabatlariga axborot texnologiyalarini keng joriy etish, internet tarmog`i orqali parlament va deputat so`rovini shakllantirish amaliyotini yo`lga qo`yish darkorligi ta`kidlandi. 

– Xalq bilan muloqot tizimini mutlaqo yangi bosqichga olib chiqib, deputatlarni o`z saylovchilari bilan bog`lash imkoniyatini beradigan elektron portal va mobil ilovalarni ishga tushirish lozim. Toki ana shu tizim orqali saylovchi deputatning kundalik ishini kuzatib borish, qonun loyihalarini muhokama qilish va ular bo`yicha o`z fikr va mulohazalarini bildirish imkoniga ega bo`lsin. Ya`ni, deputat faoliyatiga uning saylovchilari bevosita baho bersin. Ana shundagina fuqaro va parlament o`rtasida xalqimiz bizdan kutayotgan haqiqiy ko`prik paydo bo`ladi, – dedi davlatimiz rahbari. 

“Mening fikrim” veb-portali ishini takomillashtirish, unga tushayotgan murojaatlarni televidenie va boshqa ommaviy axborot vositalarida deputatlar, mutaxassislar, keng jamoatchilik ishtirokida muhokama qilish maqsadga muvofiqligi ta`kidlandi. 

Prezident deputatlar o`zining yurish-turishi, muomala madaniyati, odobi va etikasi bilan barchaga ibrat va namuna bo`lishi lozimligini ta`kidladi.
 
Davlat boshqaruvi akademiyasi bilan birgalikda deputatlarning malakasini doimiy oshirib borish yuzasidan yangicha tizim – deputatlik o`quvlarini joriy etishni taklif qildi.

Davlatimiz rahbari o`z nutqining yakunida xalq ishonchi haqida gapirdi.

– Ana shunday ishonch, hurmat va e`tiborga munosib bo`lish – bu juda katta baxt. Bag`rikeng, mehnatkash va olijanob xalqimizning ana shu ishonchini har birimiz o`z joyimizda amaliy ishlar bilan oqlashimiz kerak. Bu bizning nafaqat fuqarolik, balki eng avvalo, ona Vatanimiz oldidagi farzandlik burchimizdir, – dedi Shavkat Mirziyoev. 

O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining birinchi majlisida kun tartibidagi masalalar ko`rib chiqilib, ular bo`yicha palataning tegishli qarorlari qabul qilindi.

 

    Boshqa yangiliklar