Farg`ona viloyati hokimi Shuhrat G`aniev boshchiligida viloyatning barcha tashkilot rahbarlari Qirg`iziston hududidagi anklav hudud – Cho`ng`ara qishlog`iga tashrif buyurdi. Bu haqda Sof.uz xabar berdi.
Atigi 240 xonadondan iborat, 1400 nafar fuqaro yashaydigan Cho`ng`ara qishlog`ida uyushtirilgan kutib olish marosimida o`quvchi qiz atlasdan tikilgan yupqa ko`ylakda hokimni kutib olish marosimiga chiqarildi. Suratda tadbirga kelgan amaldorlar mavsumga mos, issiq kurtkalar kiyganini ko`rish mumkin.
Farg`ona viloyati hokimligi axborot xizmati ma`lum qilishicha, Cho`ng`ara qishlog`idagi yagona maktabda – 259 ta o`quvchi tahsil oladi. Hokim tashrifi chog`ida maktabga 50 ta kompyuter, 2 000 ta o`zbek va xorij adabiyoti kitoblari, boks, tennis, karate turlari bilan shug`ullanish jihozlari, yuzdan ziyod voleybol, basketbol, futbol to`plari, to`garaklar uchun milliy cholg`u asboblari, har bir kompyuter uchun 50 ta maxsus mebel stollari keltirildi.
Viloyat hokimi qarori bilan ushbu maktabga boshqa joydan qatnab ishlaydigan fan o`qituvchilari yashashi uchun ikki qavatli 15 ta 3 xonali xonadoni bo`lgan uy qurib beriladi.
Shuningdek, shifokorlar tomonidan qishloq aholisi tibbiy ko`rikdan o`tkazilib, Qishloq vrachlik punktiga 350 million so`mlik 21 turdagi birinchi yordam dori vositalari hamda kerakli tibbiy anjomlar keltirilgan.






