AsosiyJamiyat

Buxorodagi "tillachilar" soliq xodimlarini nimada ayblayapti?

'Buxorodagi "tillachilar" soliq xodimlarini nimada ayblayapti?'ning rasmi

Ayni paytda ijtimoiy tarmoqlarda Buxoroda qimmatbaho metall buyumlar yasash va sotish bilan shug`ullanuvchi tadbirkorlar bilan bog`liq videolavhalar tarqatilmoqda. Ushbu lavhalarda ayrim fuqarolar davlat soliq xizmati organlarini tadbirkorlarning faoliyatiga to`sqinlik qilayotganlikda ayblaganlar. Ushbu holat yuzasidan Buxoro viloyati DSB Axborot xizmati rasmiy izoh berdi.

Ma`lum qilinishicha, holat butunlay teskari. Negaki, “Karvon” buyum bozori hududida faoliyat yuritayotgan 100 dan ortiq oltin, kumush hamda boshqa qimmatbaho tosh va zeb-ziynatlar savdosi bilan shug`ullanuvchi tadbirkorlar bir necha kun ilgari viloyat davlat soliq boshqarmasida boshqarma rahbariyati bilan bo`lib o`tgan uchrashuvda ularga mazkur bozordagi zargarlik buyumlari bilan savdo qilish joyining ayni paytdagi tartibsiz ahvoli umuman talabga javob bermasligi, uning ustiga bu erdagi tadbirkorlarning faoliyati amaldagi faoliyat turiga to`g`ri kelmasligi aytilgan.

Shuningdek,  O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 18 maydagi “O`zbekiston Respublikasida zargarlik tarmog`ini jadal rivojlantirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi PF-5721-sonli Farmoni hamda O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 7 oktyabrdagi “Zamonaviy zargarlik savdo-ishlab chiqarish markazlarini tashkil etish bo`yicha chora-tadbirlar to`g`risida”gi VM-851-sonli Qarori mazmun-mohiyati  batafsil tushuntirilgan edi.

Aslida qaror talablariga muvofiq ushbu tadbirkorlarga 2019 yilning 1 iyuliga qadar faoliyatlarini qonuniylashtirish uchun muddat berilgan. Biroq shuncha vaqt o`tganiga qaramay, ushbu fuqarolar hanuz yuridik maqomga ega bo`lmasdan faoliyatlarini yakka tartibdagi tadbirkor sifatida davom ettirib kelmoqdalar.

O`z o`rnida davlat soliq xizmati xodimlarining ana shunday noqonuniy tarzda va tartibsiz ko`rinishdagi savdo rastalarida savdo qilayotgan tadbirkorlarga tegishli tartibda ogohlantirishlar berilgan.

Davlat soliq boshqarmasidagi uchrashuvda boshqarma boshlig`i mazkur tadbirkorlik sub`ekti vakillariga ularning ushbu hatti-harakatlari soliq qonunchiligiga xilof ekanligini yana bir bor eslatib, hukumat qaror va farmonlari bilan belgilab berilgan muddat o`tib bo`lgani bois, majburiyatlarini 3 kun muddatda bajarishlari lozimligi aytilgandi.

Yig`ilishda bildirilishicha, shu paytgacha viloyatda zargarlik buyumlari savdosi uchun talab darajasidagi savdo markazi bo`lmagan. Shu bois, davlat soliq xizmati organlari xodimlari ularni ogohlantirish bilan kifoyalanishgan, xolos. Ammo endi ular uchun etarli shart-sharoit yaratilgan. Bundan tashqari, yil yakuniga qadar viloyatda yana kamida ikkita zargarlik buyumlarini ishlab chiqarishdan tortib, sotishgacha bo`lgan to`liq jarayonni o`z ichiga oluvchi zamonaviy zargarlik markazlari tashkil etiladi. Shunday ekan, qonunni buzishga hech kimning haqi yo`qligi ta`kidlandi.

"Eslatib o`tamiz, zargarlik buyumlari savdosi bilan shug`ullanuvchilar faoliyati lisenziyalangan, tadbirkor davlat ro`yxatidan yuridik shaxs sifatida qayd etilgan tadbirkorlik guvohnomasiga hamda turg`un savdo shaxobchasi va tijorat do`koni nazorat kassa texnikasiga ega bo`lishi shart", — deyiladi rasmiy xabarda.

 

    Boshqa yangiliklar