AsosiyShou-biznes

Ajdodlar merosi – bebaho xazina

Qoraqalpog`iston Respublikasi Ellikqal`a san`at va pedagogika kasb-hunar kollejida Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 532 yilligiga bag`ishlab “Ajdodlar merosi – bebaho xazina” deb nomlangan ma`naviy-ma`rifiy tadbir bo`lib o`tdi, xabar qilmoqda O`zA.
Prezidentimiz rahnamoligida amalga oshirilayotgan izchil islohotlar jarayonida jamiyatimiz ma`naviy-ma`rifiy asoslarini mustahkamlash, xalqimiz ma`naviyatini yanada yuksaltirishga alohida e`tibor qaratilmoqda. Bu milliy qadriyatlarimizni tiklash, noyob ilmiy, ma`naviy-madaniy merosimizni asrab-avaylash, yoshlar ongiga singdirish, jahon miqyosida keng targ`ib-tashviq etish borasida o`zining yorqin samaralarini berayotir.
Tadbirda Zahiriddin Muhammad Bobur qoldirgan boy merosning jahon ilm-fani rivojidagi o`rni, uning harbiy yurishlari va davlat boshqaruvidagi mahorati xususida so`z yuritilib, o`ziga xos dilbar she`riyati bugun ham yoshlarni vatanparvarlik, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalashga xizmat qilayotgani alohida ta`kidlandi.
– Bobur ijodi nafaqat mamlakatimizda, balki butun dunyo xalqlari tomonidan sevib o`qiladi, – deydi “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati tuman kengashi raisi J.Boltaev. – Masalan, “Boburnoma”ning o`zi o`ttizdan ortiq tilga tarjima qilinib, kitob holida chop etilgan. Bobur va uning avlodlari davriga oid bebaho manbalar jahonning etmishdan ziyod muzeylarida saqlanmoqda.
Tumandagi barcha o`rta maxsus, kasb-hunar ta`limi muassasalari rahbarlari, adabiyot o`qituvchilari ishtirok etgan adabiy kechada Bobur asarlaridan namunalar o`qildi, g`azallariga bastalangan qo`shiqlar ijro etildi. Kollej o`quvchilari tomonidan tayyorlangan sahna ko`rinishlari kechaga o`zgacha fayz bag`ishladi.

 

    Boshqa yangiliklar