O`zbekiston Respublikasi Oliy sudi Matbuot xizmati 2019 yil mobaynida fuqarolik ishlari bo`yicha sudlarning yillik umumiy sarhisobi haqida ma`lumotlarni taqdim qildi.
Sarhisob natijalariga ko`ra, 2019 yilda fuqarolik ishlari bo`yicha sudlar tomonidan 188 282 ta ish ko`rib chiqildi. Mazkur ko`rsatkich 2018 yilga nisbatan 13,3 foizga kamaydi. Hisobot davrida 124 mlrd. so`mdan ziyod majburiy to`lovlar (voyaga etmagan bolalar uchun aliment, ish haqi va unga tenglashtirilgan to`lovlar, yozma bitimga asoslangan va qarzdor tomondan tan olingan talablar, kommunal xizmatlar bo`yicha qarzdorlik to`lovlari va boshqalar) ni undirish haqida 88 655 ta sud buyrug`i chiqarildi. Ushbu ko`rsatkichlar o`tgan yilga nisbatan summa bo`yicha 56,2 foizga, sud buyruqlari soni bo`yicha esa 62,4 foizga kamaydi. Ko`rib chiqilgan fuqarolik ishlari bo`yicha 162 327 ta hal qiluv qarorlari chiqarildi. Ushbu qarorlar bo`yicha talablarning 86,2 % dan ortig`i qanoatlantirildi. Hal qiluv qarori qabul qilingan da`vo tartibidagi 134 893 ta fuqarolik ishlaridan 37 104 tasi nikohdan ajratish, 34 742 tasi bitimlar bilan bog`liq, 2 806 tasi otalikni belgilash, 4 617 tasi uy-joydan foydalanish huquqini yo`qotgan deb topish, 3 474 tasi o`zboshimchalik bilan qurilgan uy-joy yoki qurilmani buzishga oid va boshqa ishlar tashkil qiladi. Nikohdan ajratishga oid ko`rilgan ishlar tahliliga ko`ra, ko`rib tamomlangan 42 350 ta ishning 22 187 tasi bo`yicha da`vo talablari qanoatlantirilgan (qonuniy nikohlar bekor qilingan), 14 917 tasi bo`yicha da`vo talablarini qanoatlantirish rad etilgan (qonuniy nikohlar bekor qilinmagan), 2 327 ta da`vo bo`yicha ishni yuritish tugatilgan hamda 2 874 tasi ko`rmasdan qoldirilgan. 71 486 ta fuqarolik ishi sayyor sud majlislarida ko`rib chiqildi. Aholi bilan 9 922 ta uchrashuv va ochiq muloqotlar o`tkazildi. Bundan tashqari, O`zbekiston Respublikasi Oliy sudi Fuqarolik ishlari bo`yicha sudlov hay`ati tomonidan nazorat tartibida 1 024 ta ish ko`rib chiqildi. Birinchi instansiya sudlari tomonidan chiqarilgan 327 ta qaror bekor qilindi va 117 ta sud qarorlari o`zgartirildi.






