Hukumat qarori bilan Iqtisodiyot va sanoat vazirligi huzuridagi Kichik biznes va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi to`g`risidagi nizom tasdiqlandi. Bu haqda Huquqiy axborot telegram kanali xabar berdi.
Nizomga muvofiq, Agentlik tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirishni qo`llab-quvvatlash, aholining keng tabaqalarini biznes bilan shug`ullanishga jalb etish sohasida vakolatli davlat organi hisoblanadi.
Agentlik kichik va o`rta biznesni, xususiy tadbirkorlikning barcha shakllarini rivojlantirishga qaratilgan yagona davlat siyosatini amalga oshiradi.
Agentlikka Prezident tomonidan lavozimga tayinlanadigan va lavozimdan ozod qilinadigan direktor – iqtisodiyot va sanoat vazirining o`rinbosari boshchilik qiladi.
Qaror bilan, shuningdek, Tadbirkorlik faoliyatini qo`llab-quvvatlash davlat jamg`armasi to`g`risidagi nizom tasdiqlandi. Nizom bilan Jamg`arma tomonidan ko`rsatiladigan moliyaviy yordam shakllari belgilab berildi.






