AsosiyJamiyat

Qobul Toshkentning birodarlashgan shaharlari safiga qo`shilish niyatida

'Qobul Toshkentning birodarlashgan shaharlari safiga qo`shilish niyatida'ning rasmi

Toshkent shahar hokimligida Qobul shahri hokimining o`rinbosari bilan uchrashuv bo`lib o`tdi. Bu haqda Toshkent shahar hokimligi axborot xizmati xabar berdi

O`zaro muloqot davomida Toshkent va Qobul o`rtasida turli sohalarda o`zaro manfaatli aloqalarni yo`lga qo`yish hamda rivojlantirish masalasi muhokama etildi.Toshkent shahar hokimining o`rinbosari Sharof Rahmonov O`zbekiston va Afg`oniston o`rtasidagi munosabatlarga to`xtalar ekan, Prezident Shavkat Mirziyoev rahbarligida mamlakatlarimiz va xalqlarimiz o`rtasidagi do`stlik va hamkorlik munosabatlari yangi bosqichga ko`tarilganligini e`tirof etdi.

Xususan, Toshkent va Qobul o`rtasidagi munosabatlarni rivojlantirishga e`tibor qartib, juda ko`p sohalarda hamkorlik aloqalarni yo`lga qo`yish imkoniyatlari keng ekanligini ta`kidlab o`tdi.
Suhbat davomida Qobul shahar hokimining ijtimoiy-madaniy masalalar bo`yicha o`rinbosari Muhammad Fozil Sharifiy do`stona qabul va o`zbekona mehmondo`stlik uchun minnatdorlik bildirib, xalqlarimizning do`stlik va hamkorlik aloqalari uzoq tarixga borib taqalishini ma`lum qildi.

Toshkentdagi o`zgarish va yangilanish jarayonlarini, madaniy merosga e`tibor va barcha sohalargi yutuqlarni e`tirof etib, O`zbekiston poytaxtining bu yo`nalishdagi tajribasi ular uchun muhimligini aytib o`tdi va o`zaro hamkorlik borasida qator takliflarini bayon qildi.

Bugungi kunda Toshkent bilan birodarlashgan shaharlar ko`pligini qayd etib, Qobul tomoni ham ularning safiga qo`shilish niyatida ekanligini bildirdi. Shuningdek, ayni paytda Qobulda Temuriylar va Bobur davrida qurilgan tarixiy inshootlar borligini qayd etib, ularni rekonstruksiya qilishda bizning mutaxassislar maslahati va amaliy yordami ahamiyatli bo`lishini ta`kidladi. Shahrimizdagi bozorlarning ish tajribasini o`rganish, Toshkent va Qobul hayvonot bog`lari o`rtasida mustahkam hamkorlikni yo`lga qo`yish, chiqindilarni yig`ish va utillashtirish yo`nalishida hamkorlik qilish bo`yicha takliflarini aytib o`tdi. Mehmonning so`zlariga ko`ra, ayni paytda Qobuldagi hayvonot bog`ining hududi 6 gektardan iborot bo`lib, hukumat tomonidan unga yana 20 gektar er qo`shib berildi. Shu sababli Qobul hokimligi bog` faoliyatini rivojlantirish uchun iqlimi o`xshash bo`lgan hududlarning shaharlari bilan yaqindan hamkorlikni o`rnatish harakatida.

Sharof Rahmonov Qobul hokimligining hamkorlik takliflari Toshkent uchun ahamiyatli ekanligini qayd etdi va bundan buyon tomonlar o`rtasidagi aloqalar muntazam rivojlanib borishiga ishonch bildirdi.

 

    Boshqa yangiliklar