Ijtimoiy tarmoqlarda, jumladan “Telegram” kanallarda “Pensiya puliga qurilgan Hyatt Regency Tashkent mehmonxonasi xususiylashtiriladi” sarlavhali maqola e`lon qilindi. Unda “Hyatt Regency Tashkent mehmonxonasi pensiya oluvchilarning puliga bunyod etilgan” mazmunidagi ma`lumotlar berilib, bu esa ijtimoiy tarmoqlarda noto`g`ri ma`lumotlar tarqalishiga va aholining savollariga sabab bo`lmoqda.
Shu o`rinda, avvalo Pensiya jamg`armasiga yuklatilgan asosiy vazifalarga to`xtalib o`tish lozim. O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 30.12.2009 yildagi PF-4161-son “Fuqarolarning pensiya ta`minoti tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi Farmoniga muvofiq, Pensiya jamg`armasi:
- fuqarolarning davlat pensiya ta`minotini tashkil qiladi, fuqarolarga pensiyalar, ijtimoiy nafaqalar, kompensasiya va boshqa to`lovlarni tayinlaydi;
- pensiyalar hamda boshqa to`lovlarni to`liq hajmda moliyalashtiradi va to`lanishini tashkil qilib, ular bo`yicha hisob va hisobotni yuritadi;
- pensiyalar tayinlanishi va qayta hisoblab chiqilishini tizimli asosda doimiy tahlil qilib, monitoringini olib borish, pensiya ta`minotiga yo`naltiriladigan mablag`lardan qat`iyan maqsadli foydalanilishini ta`minlaydi.
Alohida ta`kidlash lozimki, Pensiya jamg`armasi mablag`lari hech bir ko`rinishdagi loyihalarni moliyalashtirishga sarflanmaydi. Xususan, maqoladagi “Hyatt Regency Tashkent mehmonxonasi pensiya oluvchilarning puliga bunyod etilgan”ligi ko`rsatilgan ma`lumot noto`g`ri keltirilgan hamda ushbu loyihaga Pensiya jamg`armasi tomonidan hech qanday mablag` ajratilmagan. Jamg`arma mablag`laridan faqat pensiyalar to`lovini moliyalashtirish uchun foydalaniladi.
Amaldagi qonunchilik talablariga binoan, jamg`armaning vaqtincha bo`sh mablag`lari mavjud bo`lgan holda qisqa muddatli tijorat banklaridagi depozitlarga va boshqa moliyaviy vositalarga joylashtiriladi, deya izoh beradi Pensiya jamg`armasi matbuot xizmati.






