Axborot va ommaviy kommunikasiyalar agentligi rahbari Komil Allamjonovning ijtimoiy tarmoqdagi shaxsiy sahifasi orqali ma`lum qilishicha, “O`zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o`zgartirish va qo`shimchalar kiritish to`g`risida”gi Qonuni loyihasi muhokama uchun joylashtirildi.
Hujjatga asosan, endilikda nashr qilish yoki boshqacha usulda ko`paytirilgan matnda, ommaviy axborot vositalari yoxud internet tarmog`i axborot resurslari orqali tuhmat qilish – bazaviy hisoblash miqdorining ikki yuz baravaridan to`rt yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yuz soatdan uch yuz oltmish soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki ikki yildan uch yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanishi kutilmoqda.
Shuningdek, nashr qilish yoki boshqacha usulda ko`paytirilgan matnda, ommaviy axborot vositalari yoxud Internet tarmog`i axborot resurslari orqali haqorat qilish – bazaviy hisoblash miqdorining ikki yuz baravaridan to`rt yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki ikki yuz qirq soatdan uch yuz soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud bir yildan ikki yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi.
Shunday harakatlar xavfli residivist tomonidan yoki tuhmat qilganligi uchun ilgari sudlangan shaxs tomonidan qilingan bo`lsa – bazaviy hisoblash miqdorining to`rt yuz baravaridan olti yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki ikki yildan uch yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi.
Shunday harakatlar jabrlanuvchini o`z xizmat yoki fuqarolik burchini bajarishi munosabati bilan bog`liq holda sodir etilgan bo`lsa – bazaviy hisoblash miqdorining qirq baravaridan oltmish baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo`ladi.






