2019 yilda jinoyat ishlari bo`yicha sudlar tomonidan 36 845 nafar shaxsga nisbatan 28 846 ta ish ko`rib chiqildi. Mazkur ko`rsatkichlar 2018 yilga nisbatan shaxslar bo`yicha 24,2 foizga, ishlar bo`yicha esa 24,4 foizga kamaygan, deya ma`lum qildi Oliy sudi matbuot xizmati rahbari Aziz Obidov.
Jumladan, 859 nafar shaxs oqlandi va reabilitasiya qilindi, sudlangan shaxslar soni 27 603 nafarni tashkil etib, shundan 6 957 nafar shaxsga ozodlikdan maxrum qilish va 19 278 nafariga boshqa turdagi jazolar tayinlandi, 1 368 nafar shaxs shartli hukm qilindi. Sudlangan shaxslarning 24 491 nafari erkaklar, 3 112 nafari ayollar, 10 700 nafari yoshlar (shu jumladan 497 nafari voyaga etmaganlar) va 873 nafari 60 yoshdan oshgan shaxslar.
Shuningdek, 3 080 nafar shaxs ozodlikdan mahrum etish bilan bog`liq bo`lmagan jazolar tayinlanishi munosabati bilan sud zalidan ozod qilindi, 26 436 nafari jazoni o`tashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilindi, 8 028 nafariga tayinlangan jazosi engili bilan almashtirildi va 6 665 nafar shaxsga nisbatan dastlabki tergov organlari tomonidan asossiz ravishda qo`yilgan moddalar ayblovdan chiqarib tashlandi yoki qayta malakalandi.
270 nafar shaxsga Yoshlar ittifoqi, 210 nafar ayolga Xotin-qizlar qo`mitasi va 1 373 nafar shaxsga mahalla fuqarolar yig`inlarining kafolat xatlari asosida ozodlikdan mahrum qilish bilan bog`liq bo`lmagan jazolar tayinlangan.
2018 yilga nisbatan ayrim jinoyat turlari, xususan, transport vositasini olib qochish, qasddan odam o`ldirish, bosqinchilik, talonchilik, o`zlashtirish yoki rastrata yo`li bilan talon-toroj qilish, firibgarlik, o`g`rilik, qonunga xilof ravishda chet elga chiqish yoki O`zbekiston Respublikasiga kirish, bezorilik, transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish, qasddan badanga og`ir va o`rtacha og`ir shikast etkazish, voyaga etmagan yoki mehnatga layoqatsiz shaxslarni moddiy ta`minlashdan bo`yin tovlash, fohishaxona saqlash yoki qo`shmachilik qilish, odam savdosi, mansab soxtakorligi, hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste`mol qilish, qimor va tavakkalchilikka asoslangan boshqa o`yinlarni tashkil etish hamda o`tkazish kabi jinoyatlar uchun sudlanganlik ko`rsatkichlari kamaydi.
Hisobot davrida yarashuv institutining samarali qo`llanilishi natijasida 7 329 nafar shaxs jinoiy javobgarlikdan ozod etildi.
Etkazilgan 443,9 mlrd. so`mdan ziyod moddiy zararning o`rnini qoplagan 3 187 nafar shaxsga nisbatan ozodlikdan mahrum qilish bilan bog`liq bo`lmagan jazo tayinlangan.
13 890 ta jinoyat ishi, ya`ni barcha ishlarning qariyb 48,2 foizi sayyor sud majlislarida ko`rib chiqildi.
Bundan tashqari, O`zbekiston Respublikasi Oliy sudi Jinoyat ishlari bo`yicha sudlov hay`ati tomonidan nazorat tartibida 1 788 nafar shaxsga nisbatan 1 486 ta ish ko`rib chiqildi. 1 037 nafar shaxsga nisbatan quyi sudlar tomonidan chiqarilgan qarorlar bekor qilindi va 581 nafar shaxsga nisbatan chiqarilgan sud qarorlari o`zgartirildi.






