AsosiyJamiyat

Kattaqo`rg`onlik yigit suvga cho`kayotgan 3 yoshli bolaning hayotini saqlab qoldi

'Kattaqo`rg`onlik yigit suvga cho`kayotgan 3 yoshli bolaning hayotini saqlab qoldi'ning rasmi

Samarqand viloyati Kattaqo`rg`on tumani Jumaboy mahallasi Jumaboy kishlog`ida yashovchi 7 yoshli Qilichbek ukasi, 3 yoshli Nishonbek bilan o`ynab kelish maqsadida uyidan 750 metrcha uzoqlikdan oqib o`tadigan zax ariq - zovur yoniga boradi, deya hikoya qilinmoqda zarnews.uzda.

Zovur qirg`og`i qirovning erishi tufayli sirpanchiq bo`lgani bois Qilichbekning ukasi Nishonbek zovurda oqayotgan oqava suvga tushib ketadi va suvda oqa boshlaydi.

Nishonbekning suvga tushib ketganidan qo`rqqan akasi nima qilishini bilmay uyi tomon yuguradi. Shu ketishda zovurdan taxminan 500 metrcha uzokliqda yumush bilan yurgan Jumaboy mahallasi, Past qishlog`ida yashovchi Jo`rabek Ziyodovga duch keladi. Jo`rabek Qilichbekning gaplaridan holatni tezda tushunib, bolani qutqarish uchun zovur tomonga yuguradi. Zovur yoqalab bir chaqirimdan ortiq yugurib borayotib, suv ustida qimirlamay oqib ketayotgan bolani ko`radi va ust-boshi bilan o`zini suvga tashlab, bolani suvdan olib chiqadi. Lekin, bola hushsiz va nafas olmayotgandi.

Jo`rabek bolaning nafas olishi uchun qo`ldan kelgan hamma ishni qiladi. Nishonbekning tilini tortadi, sun`iy havo beradi, bolaning ko`krak qismini ketma-ket bosib, oyog`ini osmonga ko`taradi. Shu yo`l bilan uni hayotga qaytarishga harakat qiladi. Ko`rsatilgan ushbu yordamdan so`ng bola bir seskanib, chuqur nafas oladi va hayotga qaytadi.

Jo`rabek bolaning ho`l bo`lgan ust-boshlarini echib, uni o`zining to`niga o`raydi, bolani ko`targancha qishloq tomon yuradi. Yordamga boshqa kishilar ham etib kelishadi, tez yordam chaqiriladi.

Jo`rabek bolani qo`lidan qo`ymay, tibbiy tez yordam mashinasida shifoxonaga ham boradi. Shifokorlarning tegishli muolajalaridan keyin Nishonbek o`ziga keladi va uning yuziga kulgu yugurganini ko`rgandan keyingina Jo`rabek ust-boshi jiqqa namligini, o`zi ham sovuq qotayotganini sezadi...

Hozirda Nishonbekning sog`lig`i joyida. Jo`rabek Ziyodov esa o`z yumushlari bilan band.

Jo`rabekning bu odamiyligi va qahramonligidan bolakayning ota-onasi, qolaversa, barcha Jumaboy mahallasida istiqomat qilayotgan yoshu qari birdek minnatdor.

    Boshqa yangiliklar