2020 yil 14 yanvar kuni “Korean Air” aviakompaniya vakillari, hududiy menejer Park Jae-Yoon, hamda savdo va marketing bo`yicha menejer B.Rajabov bilan Samarqand viloyati Turizmni rivojlantirish departamenti direktori D.Narziqulov amaliy uchrashuv o`tkazdi. Bu haqda O`z A xabar bermoqda.
Uchrashuvda Janubiy Koreyaning ushbu yirik aviakompaniyasi faoliyati haqida atroflicha ma`lumot berildi va mazkur aviakompaniya hozirda O`zbekistonga haftasiga uch marta aviaqatnovni amalga oshirayotgani ta`kidlab o`tildi.
Suhbat chog`ida Park Jae-Yoon Xitoy, Koreya va Yaponiyadan turistlar oqimini ko`paytirish hamda Koreyadan Samarqandga to`g`ridan-to`g`ri reyslarni amalga oshirish rejasi borligini ta`kidladi. Turizmni rivojlantirish departamenti direktori D.Narziqulov Samarqandning sayyohlik salohiyati hamda mazkur sohada infratuzilmalarni rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida so`zlab berdi.
"Korean Air" yo`lovchi tashish qamrovi bo`yicha dunyodagi eng yirik aviakompaniyalarning birinchi yigirmataligiga kiradi va xalqaro yo`nalishlarda dunyoning 45 ta mamlakatiga, jumladan 128 shaharga muntazam reyslarini amalga oshirib kelmoqda.






