Joriy yilning 4-9 yanvar kunlari respublika fan olimpiadasining ikkinchi — tuman (shahar) bosqichlari o`tkazilganligidan xabaringiz bor.
Unda viloyat umumta`lim maktablari, ixtisoslashtirilgan davlat ta`lim muassasalarining 8440 nafar 9-11-sinf o`quvchilari 18 ta fan bo`yicha o`z bilimlarini yozma va amaliy mashg`ulotlar hamda test sinovlari orqali sinovdan o`tkazishdi.
Samarqand viloyat xalq ta`limi boshqarmasi tashabbusi bilan joriy yilgi fan olimpiadalarining adolatli, shaffof o`tishiga alohida e`tibor qaratilganligini ta`kidlash joiz. O`quvchilar tuman va shahardagi ta`lim muassasalarining sport zallarida, kuzatuv kameralari nazoratida o`z bilimlarini namoyon etishdi. Ota-onalar, o`qituvchilar hamda keng jamoatchilikka sinov jarayonlarini to`g`ridan-to`g`ri kuzatish imkoniyati yaratildi.
Fan olimpiadasi jarayonlarida o`tgan yillarda bo`lmagan hakamlar bilimini sinovdan o`tkazish jarayoniga alohida e`tibor qaratildi. 3400 nafar o`qituvchilar saralanib, 2019 yilning 27 dekabr kuni bo`lg`usi hakamlar hay`ati a`zolari fanlar bo`yicha test sinovlaridan o`tkazildi. 75 balldan 100 ballgacha to`plab, yuqori natijalarni qayd etgan 1200 nafar o`qituvchi hakamlikka jalb etildi. O`quvchilarning bilimlarini xolisona va haqqoniy baholashda ushbu tartib o`zining ijobiy samarasini berdi.
Darhaqiqat, fan olimpiadasining ikkinchi — tuman (shahar) bosqichida qatnashgan 8440 nafar 9-11-sinf o`quvchilaridan 1192 nafari g`oliblikni qo`lga kiritib, uning navbatdagi bosqichida qatnashish imkoniyatiga ega bo`ldi. Ushbu bosqichda qatnashib, 1-o`rinni qo`lga kiritgan 11-sinf o`quvchilari respublika bosqichiga yo`llanma oladi. Viloyat bosqichida g`olib bo`lgan 10-sinf o`quvchilari esa kelgusi yil o`tkaziladigan fan olimpiadasining viloyat bosqichida to`g`ridan-to`g`ri ishtirok etadi.
Fan olimpiadasining viloyat bosqichi 2020 yilning mart oyida o`tkazilishi ko`zda tutilgan, deya xabar beradi Samarqand viloyati xalq ta`limi boshqarmasi axborot xizmati.






