Ayrim qonun hujjatlariga o`zgartish va qo`shimchalar kiritish to`g`risidagi Qonun Prezident tomonidan imzolandi.
Qonunga muvofiq, notariat tizimi tubdan isloh qilinishi munosabati bilan O`zbekistonning 10 dan ortiq qonun hujjatlariga tegishli o`zgartish va qo`shimchalar kiritildi, deya xabar beradi "Huquqiy axborot" kanali.
Jumladan, “Garov to`g`risida”gi Qonunga kiritilgan o`zgartishga ko`ra, birlamchi bozordan ko`chmas mulk va transport vositalarini olish chog`idagi ipoteka va garov to`g`risidagi shartnomalarning notarial tasdiqlanishi talab etilmaydi.
Shuningdek, “Notariat to`g`risida”gi Qonun xususiy amaliyot bilan shug`ullanuvchi notarius, notarial palataga oid normalar bilan to`ldirildi.
Jumladan, xususiy amaliyot bilan shug`ullanuvchi notarius:
yuridik shaxs tashkil etmagan holda o`z idorasiga ega bo`lishga,
bank hisobvarag`i va boshqa shaxsiy hisobvaraqlar ochishga,
mulkiy hamda shaxsiy nomulkiy huquqlarga ega bo`lishga hamda majburiyatlarni o`z zimmasiga olishga,
xodimlar bilan mehnat shartnomalarini tuzish va bekor qilishga,
sudda o`z nomidan ishtirok etishga hamda qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa harakatlarni amalga oshirishga haqli.
Notarial palata xususiy amaliyot bilan shug`ullanuvchi barcha notariuslarning a`zoligiga asoslangan notijorat tashkilot hisoblanadi.
Bundan tashqari, amalga oshirilishi uchun lisenziyalar talab qilinadigan faoliyat turlarining ro`yxatiga xususiy notarial faoliyat ham kiritildi.
Ushbu Qonun rasmiy e`lon qilingan kundan e`tiboran kuchga kiradi.






