1 martdan yangi namunadagi kadastr pasporti joriy qilina boshlaydi
2019 yilning 12 dekabr kuni “Ko`chmas mulk ob`ekti kadastr pasportining yangi namunasini bosqichma-bosqich joriy etish chora-tadbirlari to`g`risida”gi 987-sonli qarori qabul qilindi. Ko`chmas mulk ob`ektlariga bo`lgan huquqlarni davlat ro`yxatidan o`tkazish tizimini yanada takomillashtirishga qaratilgan mazkur qarorga muvofiq 2020 yil 1 martdan boshlab yangi namunadagi pasport bosqichma-bosqich joriy etiladi:
• 2020 yil 1 martdan boshlab - Toshkent shahrida, Andijon, Namangan va Farg`ona viloyatlarida;
• 2020-2022 yillarda bosqichma-bosqich - boshqa viloyatlarda va Qoraqalpog`istonda.
Qarorga ko`ra, ko`chmas mulk ob`ektiga bo`lgan mulk huquqi yoki boshqa ashyoviy huquqlar vujudga kelgan, boshqa shaxsga o`tgan, bekor bo`lgan yoki ko`chmas mulk ob`ektining huquqiy holati o`zgarganligini tasdiqlash yuzasidan murojaat qilinganda, ariza beruvchiga davlat xizmatlari markazlari orqali yangi namunadagi kadastr pasporti beriladi, deya ma`lum qildi Toshkent shahar hokimligi Matbuot xizmati.






