Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent viloyati Piskent tumanida joylashgan “NATURE COTTON” MChJ ishchi-xodimlariga oylik maosh bermayotganligi yuzasidan xabar tarqalgan edi. Mazkur xabar yuzasidan Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi axborot berdi.
Davlat mehnat inspeksiyasi vakillari tomonidan mazkur vaziyat o`rganib chiqildi. Aniqlanishicha, ish beruvchi qo`l ostidagi xodimlarning bir guruhi (2019 yilning dekabr oyida 28 nafar ishchi-xodim, joriy yilning yanvarida esa 13 nafar ishchi-xodim)ga o`z arizalariga ko`ra oylik maoshi saqlanmagan holda O`zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 150-moddasi asosida mehnat ta`tillari bergan.
Shuningdek 2019 yilning 15 dekabrida Ohangaron shahridagi IIV JIEBB koloniyasi bilan jami 100 nafar ishchi kuchini xizmat ko`rsatish ishlariga jalb qilish yuzasidan shartnoma tuzilgan va shu asosda MChJga ishchi kuchi jalb etilgan.
Mazkur vaziyat o`rganilib, ishchilar, M.Hamroqulova, U.Yuldashev, B.Mo`minov, A.Shomatovga oylik ish haqlari undirib berildi. MChJ rahbariga boshqa xodimlarning ham ish haqlarini to`lab berish va keyinchalik qonun buzilishiga yo`l qo`ymaslik haqida yozma ko`rsatma kiritildi. Shuningdek unga nisbatan ishchilarning ish haqlarini o`z vaqtida to`lab bermagani sababli ma`muriy jarimaga tortish choralari ko`rilmoqda.






