Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevning O`zbekiston Respublikasi mustaqilligining yigirma sakkiz yilligiga bag`ishlangan tantanali marosimdagi nutqida “Biz ma`naviyat va ma`rifat ishini vatanparvarlik ishi, vijdon ishi, deb bilamiz. Vijdoni, ma`naviyati bor inson Vatanni albatta yaxshi ko`radi. Vijdon, ma`naviyat degani – xalqqa, Vatanga chin yurakdan xizmat qilish deganidir.” deb ta`kidladilar.
Darhaqiqat, kelajagimiz vorislarining kamoloti yo`lida amalga oshirilayotgan sa`y-harakatlar, yoshlarning ma`naviy dunyoqarashi, bilim va tafakkurini boyitish maqsadida barpo qilingan zamonaviy o`quv dargohlari, ilmu-hunar markazlari bugun ular iqtidorini keng namoyon etishga xizmat qilayapti.
Pirovardida iste`dodli o`g`il-qizlar ilm-fan, san`at va sport sohalarida baland marralarni zabt etib, yurtning ertangi taraqqiyotiga munosib hissa qo`shishga qodir inson bo`lib voyaga etmoqdalar.
Yoshlar ongida vatanparvarlik va sadoqatlilik fazilatlarini mustahkamlash – davr talabi
Bugungi kunda mamlakatimizda “Milliy tiklanishdan – milliy yuksalish sari”, “Jaholatga qarshi – ma`rifat” degan ustuvor g`oyalarni ijtimoiy hayotda qaror toptirishda yoshlarni vatanparvar, mard va jasur, sadoqatli va halol etib tarbiyalash dolzarb ahamiyat kasb etadi.
Ushbu ustuvor vazifaning muhimligidan kelib chiqib,
IIV Malaka oshirish instituti professor-o`qituvchilari joylarda o`tkazilayotgan sayyor o`quv yig`inlari doirasida ta`lim muassasalarida ma`naviy-ma`rifiy uchrashuvlar va huquqiy targ`ibot tadbirlarini ham uyushtirishmoqda.
Xususan, Namangan yuridik kolleji o`quvchilari ishtirokida o`tkazilgan uchrashuvda “Vatan taraqqiyotiga hissa qo`shaman” mavzusi haqida so`z yuritildi.
O`tkazilgan tadbirlarda vatanparvarlik har bir davlat hayotining ma`naviy asosi hisoblanishi hamda jamiyatni har tomonlama rivojlantirish borasida eng muhim safarbar etuvchi kuch sifatida namoyon bo`lishi haqida so`z yuritildi.
Shuningdek, yoshlarda yuksak ma`naviyat va qonun ustuvorligi asosida yashash, el-yurtga sadoqat, adolat, halollik va jasorat kabi olijanob fazilatlarning mazmun-mohiyati hamda ahamiyatiga alohida e`tibor qaratildi.
Yurtimizda hukm surayotgan tinchlik va osoyishtalikning qadriga etish, mahallalarda sog`lom muhitning barqarorligini ta`minlash hamda o`z Vatanining ravnaqi yo`lida yoshlar mas`uliyati amaliy misollar orqali tushuntirib berilmoqda.
– IIV Malaka oshirish institutining professor-o`qituvchilari tomonidan kollej o`quvchilari bilan o`tkazilgan ma`naviy-ma`rifiy tadbir bizlar uchun katta saboq bo`ldi, – deydi Namangan yuridik kolleji o`quvchisi Olimjon Nabiev. – Tadbirda yurtimizda biz yoshlarga yaratilayotgan sharoitlardan samarali foydalanish, tinchlikni qadriga etishimiz, ushbu bebaho ne`matni saqlashda nima ishlar qilishimiz lozimligi to`g`risida aniq misollar bilan tushuntirildi. Shuningdek, “Vatan himoyasi – oliy qadriyat” mavzusida o`tkazilgan viktorina biz o`quvchilarda katta taassurot qoldirdi, unda berilgan savollar qiziqarli bo`ldi. Tashkilotchilarga katta rahmat.
– Ta`lim muassasamizda o`tkazilgan ma`naviy-ma`rifiy tadbir biz yoshlar uchun foydali bo`lgan qizg`in savol-javoblarga boy bo`ldi,
– deydi Sirdaryo tumanidagi sanoat kasb-hunar kollejining o`quvchisi Farxod Xamraev. – Tadbirda ayniqsa, “Siz vatanparvarlik, Vatanga xizmat qilish deganda nimani tushunasiz?” degan savolga o`quvchilarning turli yondashuvlari bilan bahs-muzokaraga aylanib ketdi. Bu tadbirni tashkil etgan Ichki ishlar vazirligi rahbariyatiga, Malaka oshirish instituti professor-o`qituvchilariga minnatdorchilik bildirib qolamiz.
– Kollejimizda poytaxtimizdan kelgan mutaxassislar tomonidan o`tkazilgan ma`naviy-ma`rifiy tadbir tengdoshlarim qatori, menda ham katta taassurot qoldirdi, – deydi Farg`ona shahridagi yuridikkollej o`quvchisi Shukurullo Xalilov. – Yurtimizda hukm surayotgan tinchlikning qadriga etishi, uni asrab-avaylashga hissa qo`shishda har bir kishining mas`uliyati, Vatan posboni haqida tushunchalar berildi hamda o`tkazilgan viktorina orqali biz o`zimizga tegishli ma`lumotlarni oldik.
O`tkazilgan mazkur tadbirlar doirasida tashkil etilgan “Vatan himoyasi — oliy qadriyat” mavzusidagi viktorina ishtirokchilarda katta qiziqish uyg`otdi.
Bu kabi tadbirlar Andijon va Toshkent viloyatlaridagi ta`lim muassasalarida ham o`tkazildi.
Hay`at a`zolari o`quvchilarning faol ishtiroki hamda bilimlari yuzasidan ijobiy fikr bildirib, yuqori o`rinlarni egallagan jamoa a`zolariga esdalik sovg`alari topshirildi.
O`ylaymizki, mazkur tadbir barcha yoshlarni Vatanni yanada sevishga, shu yurt taraqqiyoti uchun fidokorona mehnat qilishga undaydi.
O`zbekiston Respublikasi IIV Malaka oshirish instituti matbuot xizmati






