Poytaxtda Toshkent shahar IIBB YHXBning xabar berishicha, avtomobilchilarda “migalka” va “sirena” kabi “urflar” paydo bo`lganini kuzatmoqdalar. Fursatdan foydalanib, avtomobilchilarga tegishli ruxsat olmay turib transport vositalariga tovush chiqaruvchi va yorituvchi maxsus qurilmalarni o`rnatish jarimalarga sabab bo`lishini eslatib o`tmoqchimiz.
Shu o`rinda YHXB ana shunday qoidabuzarliklarni sodir etganlar haqida ma`lumot berdi. Masalan, joriy yilning 10-yanvar kuni soat 12.20 da Minor masjidi yonida maxsus yorituvchi qurilma o`rnatilgan “Spark” rusumli (davlat raqami 01 Q 119 QA) avtomobil shu hududda xizmat olib borgan YHXB YPX inspektori tomonidan to`xtatildi. Aniqlanishicha, avtomobilni ishonchnoma asosida 21 yoshli Farxodjon Z. boshqarib yurgan va maxsus yorituvchi qurilmalar o`rnatish uchun ruxsatga ega bo`lmagan. Ushbu fakt asosida O`zbekiston Respublikasi Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeksning 127-moddasi bo`yicha bayonnoma rasmiylashtirildi.
Eslatib o`tamiz, tegishli ruxsat olmay turib transport vositalariga tovush chiqaruvchi va yorituvchi maxsus qurilmalarni o`rnatish, xuddi shuningdek davlat raqam belgilarini ko`rish imkoniyatini cheklaydigan, ularni anglashga to`sqinlik qiladigan turli ashyolar o`rnatish va qoplama surtish — ana shu qurilmalarni musodara qilib, fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining bir baravaridan uch baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa — uch baravaridan besh baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo`ladi. Bundan tashqari, O`zbekiston Respublikasi Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeksning 291-moddasiga muvofiq, mazkur qoidabuzarlik hollarida avtomobil jarima maydonchasiga joylanadi.
Hurmatli haydovchilar! Ruxsatsiz o`rnatilgan “migalkalar” sizlarni olifta qilib qo`ymaydi – balki yo`l harakatining boshqa ishtirokchilariga nisbatan mas`uliyatsizligingizni hamda avtomobil boshqaruviga jiddiy qaramasligingizni bildiradi
Madaniyatimizda yo`l harakati qoidalariga rioya qilish misolida o`zaro hurmat urfini shakllantirishimiz zarur. O`zingizda va yaqinlaringizda ushbu maqsadni rag`batlantiring.






