Termiz shahrida Mudofaa vazirligining harbiy xizmatchilari uchun 60 oilaga mo`ljallangan ikkita ko`p qavatli uy foydalanishga topshirildi. Bu haqda Surxondaryo viloyati hokiligi matbuot xizmati xabar bermoqda.
Ipoteka krediti asosida qurilgan besh qavatli ikkita uyda barcha sharoit yaratilgan. Ikki va uch xonali xonadonlarning oshxona va boshqa qo`shimcha xonalari zamonaviy usulda jihozlangan. Uylarning imtiyozli ipoteka krediti asosida berilayotgani ham tinchligimiz qo`riqchilariga ko`rsatilayotgan e`tibor namunasidir.
Shuningdek, bu xonadonlarning bir qismi Surxondaryo viloyatida tug`ilib, mamlakatimizning boshqa hududlarida xizmat qilayotgan harbiylar va uzoq yillar yurtimiz tinchligi yo`lida xizmat qilib, qarilik pensiyasiga chiqqan harbiy xizmatchilar uchun ajratilgani ham Milliy armiyamizda amalga oshirilayotgan izchil islohotlar hamda odamlar bugungi kunidan rozi bo`lib yashashi kerak, degan xalqchil tamoyilning yorqin ifodasidir.
Shartnoma asosida xizmat qilayotgan kichik serjant Shuhrat Abdujabbarov Qumqo`rg`on tumanida ulg`ayib, kamolga etgan. O`n besh yildan buyon Qurolli Kuchlarimiz safida shartnoma asosida xizmat qilmoqda. Turmush o`rtog`i bilar bir o`g`il, bir qizni tarbiyalab,voyaga etkazmoqda. Sakkiz yildirki, Qashqadaryo viloyatidagi harbiy qismlardan birida o`z vazifasini sidqi-dildan bajarayotgan Sh.Abdujabbarov ham Vatan himoyachilari kuni arafasida yangi xonadonning kalitini qabul qilib oldi.






