Mamlakatimizning Aqtau shahridagi (Qozog`iston) Bosh konsulxonasi 2020 yil 12 yanvar kuni Samara-Chimkent yo`nalishi bo`ylab harakatlanayotgan va ichida 53 nafar O`zbekiston fuqarolari bo`lgan avtobus Aqtobe viloyati hududida texnik nosozlik tufayli to`xtab qolgani to`g`risida OAVda tarqalgan ma`lumotni tasdiqladi. 13 yanvar kuni mahalliy vaqt bilan soat 11:00 da avtobus remont ishlari yakunlangach, marshrut bo`yicha harakatlanishda davom etdi.
Bosh konsulxona, shuningdek 13 yanvar kuni Aqtobe – Orenburg trassasida yo`l-transport hodisasi yuz bergani, natijada voqea joyida haydovchi, O`zbekiston fuqarosi E.M. halok bo`lgani, yana bir vatandoshimiz I.K. turli jarohatlar bilan kasalxonaga yotqizilgani haqida ham xabar berdi.
Bosh konsulxona vaziyatni nazoratga olgan va Qozog`istonning tegishli organlari bilan doimiy aloqada bo`lib turibdi.
TIV Konsullik-huquqiy departamenti marhumning oila a`zolari va yaqinlariga hamdardlik izhor etadi hamda yana bir bor O`zbekiston fuqarolari e`tiborini avtobuslarda yoki avtomobil transportining boshqa turlarida qish mavsumida Qozog`istonga kirishda yoki uning hududidan o`tishda ehtimoliy xatarlarni hisobga olish va tegishli choralar ko`rish zarurligiga qaratadi.






