AsosiyJamiyat

Xalq banki xodimi nega bank to`g`risida tuhmat va bo`htonlar tarqatyapti?

'Xalq banki xodimi nega bank to`g`risida tuhmat va bo`htonlar tarqatyapti?'ning rasmi

Ijtimoiy tarmoqning “sizdantelegram” kanalida AT Xalq banki Surxondaryo viloyati Termiz shahar filiali xodimi Dildora Ismoilovaning filialda ishlovchi ayollar nomidan yo`llagan videomurojaati tarqaldi. Unda bankning Termiz shahar filiali amaliyot bo`limi boshqaruvchisi Parda Toirov faoliyatidan norozilik bildirilgan. Ushbu holat AT Xalq banki markaziy apparati mas`ul xodimlaridan iborat maxsus ishchi guruh tuzilib, mazkur filialda xizmat tekshiruvi o`tkazildi. Bu haqda Xalq banki matbuot kotibi ma`lum qildi.

O`rganishlar shuni ko`rsatdiki, Dildora Ismoilova videomurojaatda keltirib o`tgan e`tirozlarining birortasi ham o`z tasdig`ini topmadi. 

Xo`sh, aslida nima bo`lgandi? 

AT “Xalq banki” Boshqaruvining tegishli qaroriga ko`ra D. Ismoilova ishlagan Surxondaryo viloyati filiali Amaliyot bo`limiga qarashli 3-sonli maxsus kassa samarasiz faoliyat yuritayotganligi sababli shtat birligi yopilishi belgilangan. 

Mehnat kodeksining 92-moddasi talablariga asosan D. Ismoilovaga AT Xalq banki Surxondaryo viloyati filiali tomonidan bankning Amaliyot bo`limidagi mavjud bo`sh ish o`rinlari taklif etilgan. Biroq u barcha takliflarni rad etadi.

Shunday bo`lsada, Amaliyot bo`limi tomonidan D. Ismoilovaga taklif qilingan shtat birligi, ya`ni bo`sh ish o`rni saqlab kelingan. 2019 yil 9 avgust sanasidan hozirgi kunga qadar kassa amaliyotlar bo`limi kassiri lavozimida ishlab kelmoqda. 

D. Ismoilova Amaliyot bo`limi tomonidan taklif qilingan joylarga o`tib ishlamagan hamda o`z aybi bilan ishga sababsiz kelmagan davrlari uchun ish haqi undirish maqsadida sudga murojaat qilgan. D. Ismoilova AT Xalq banki Surxondaryo viloyati filiali hisobidan 6.460.616 so`m ish haqi undirish bo`yicha Fuqarolik ishlari bo`yicha Termiz tumanlararo sudi qarorini chiqarishga erishgan. 

Biroq Fuqarolik ishlari bo`yicha Surxondaryo viloyati sudi apellyasiya instansiyasi sudlov hayatining 2019 yil 26 noyabrdagi ajrimi bilan D. Ismoilovaning AT Xalq banki Surxondaryo viloyati filialiga nisbatan “ish haqini undirish” haqidagi da`vo arizasini rad qilish to`g`risida yangi ajrim chiqarilgan.

Ayni paytda D. Ismoilovaning mazkur amaliyot bo`limi hisobidan undirib olingan 6.460.616 so`mni bank filialiga qaytarish choralari ko`rilmoqda. 

Tabiiyki, bu D. Ismoilovaga yoqmayapti va belgilangan pulni qaytarmaslik maqsadida Xalq banki to`g`risida ijtimoiy tarmoqlarda turli tuhmat va bo`htonlar tarqatishga urinmoqda.

Tekshiruvlarda yana bir haqiqat ma`lum bo`ldiki, D.Ismoilova 2019 yil 10 dekabrdan 2020 yil 6 yanvargacha bo`lgan 18 ish kunida 2 kun hech bir sababsiz ishga kelmagan. Ushbu davrning 15 ish kuni davomida esa doimiy ravishda ishga kechikib kelish holatlari kuzatilgan. (Uning ishga kechikib kelish holatlari amaliyot bo`limi videoregistratori tomonidan qayd etib borilgan).

Xulosa o`rnida aytish mumkinki, D. Ismoilova ijtimoiy tarmoqlar orqali o`z ayblarini yashirish maqsadida Termiz shahar filiali amaliyot bo`limi boshqaruvchisi Parda Toirovga bosim o`tkazishga harakat qilmoqda .

Xalq banki o`z jamoasining har bir a`zosini hurmat qiladi va qadrlaydi. Bir narsa aniqki, D. Ismoilovaga butun jamoa nomidan gapirishga hech kim vakolat bermagan, deyiladi rasmiy xabarda. 

    Boshqa yangiliklar