Chiroqchi tumanida, haydovchiga qonunbuzurlik uchun bayonnoma rasmiylashtirgan YPX xodimining o`zi ham javobgarlikka tortiladigan bo`ldi. Bu haqda Qashqadaryo viloyati IIB Axborot xizmati ma`lum qildi. Keltirilishicha, Qashqadaryo viloyati IIB YHXB YPXB 2-YPX otryadi komandiri tomonidan tasdiqlangan kunlik xizmat taqsimotiga asosan, 2-YPX otryadi 2-safarbarlik guruhi YPX katta inspektori katta serjant Yarmatov Nasibali Saydullaevich 2019 yil 11 yanvar kuni Chiroqchi tumani hududi bo`ylab jamoat tartibini saqlash, fuqarolar xavfsizligini ta`minlash, yo`l-transport hodisalarini oldini olish va qoidabuzar haydovchilarni aniqlash va ularga nisbatan ma`muriy bayonnoma rasmiylashtirish maqsadida xizmatga jalb qilingan.
Shu kuni soat 14:20larda serjant Yarmatov Nasibali Chiroqchi tumani “Mikrokredit bank” ro`parasida o`rnatilgan 3,27 yo`l belgisiga amal qilmasdan to`xtab turgan “Labo” rusumli 70 J 787OA davlat raqam belgili avtomashina haydovchisi Nurimov Shoxrux Azamatovichni oldiga borib, o`zini tanishtirib, o`ziga va avtomashinaga tegishli hujjatlarini taqdim etishni so`ragan. Fuqaro Sh.Nurimov YPX inspektoriga hujjatlari uyida qolib ketganligi, avtomashinani esa tegishli hujjatlarsiz boshqarib yurganligini aytgan. YPX xodimi haydovchini O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Maxkamasining 2015 yil 24 dekabr kunidagi 370-sonli Qarori bilan tasdiqlangan “Yo`l harakati qoidalari”ning 7 va 92-bandlarida ko`rsatilgan qoidabuzarlikni sodir etganligi uchun unga nisbatan UZ-19-seriyali 70-267453-raqamli ma`muriy bayonnoma rasmiylashtirib, O`zbekiston Respublikasi MJtKning 291-moddasi va O`zbekiston Respublikasi IIVning 2011 yil 13 iyun kunidagi 68-sonli buyrug`ining 36-bandida “Ushlab turish sabablari bartaraf etilgunga va ma`muriy huquqbuzarlik to`g`risidagi ish ko`rilgunga qadar” deb ko`rsatilganligiga asosan avtomashinani jarima maydonchasiga qo`yish maqsadida ketadi. Ushbu avtomashinani jarima maydonchasiga olib ketayotgan vaqtida o`ziga tegishli bo`lgan “Spark” rusumli 70 G878OA davlat raqam belgili avtomashinani majburiy to`xtash chiroqlarini yoqib “Mikrokredit bank” ro`parasida o`rnatilgan 3,27 yo`l belgisi ta`sir doirasida qoldirib ketgadi va bu holat “Labo” rusumli 70J787OA davlat raqam belgili avtomashina haydovchisi fuqaro Nurimov Shoxrux Azamatovichning e`tiboridan chetda qolmaydi. YPX inspektori uning avtomashinasini jarima maydonchasiga qo`yib kelganidan so`ng haydovchi YPX inspektorining o`ziga ham avtomashinasini 3,27 yo`l belgisi ta`sir doirasida qoldirib ketganligi uchun ma`muriy bayonnoma rasmiylashtirishni talab qilgan. Shundan so`ng Chiroqchi tumani IIO FMB YHXB boshlig`i kapitan F.Yangiboev tomonidan katta serjant N.Yarmatovga O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Maxkamasining 2015 yil 24 dekabr kunidagi 370-sonli Qarori bilan tasdiqlangan “Yo`l harakati qoidalari”ning 7-bandida ko`rsatilgan qoidabuzarlikni sodir etganligi uchun UZ-19-seriyali 70-263256-raqamli ma`muriy bayonnoma rasmiylashtirilgan.
Mazkur holat yuzasidan viloyat IIB YHXB mas`ul xodimlari tomonidan xizmat tekshiruv o`tkazilmoqda.






