“Davlat tibbiyot muassasalari tomonidan fuqarolarga ma`lumotnomalar berish tartibini yanada soddalashtirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi Hukumatning 10-sonli qarori 10 yanvar kuni qabul qilindi. Bu haqda “Huquqiy axborot” Telegram kanali xabar berdi.
Qarorga muvofiq, 2020 yil 1 apreldan boshlab fuqarolarning Ruhiy kasalliklar bo`yicha dispanser hamda Narkologiya dispanseri hisobida turishi yoki turmasligi to`g`risidagi ma`lumotnoma Davlat xizmatlari markazlari hamda Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali taqdim etiladi.
Shuningdek, 2020 yil 1 apreldan boshlab:
Ruhiy kasalliklar bo`yicha dispanser hamda Narkologiya dispanseri tomonidan fuqarolarning hisobida turishi yoki turmasligi to`g`risidagi ma`lumotnomani to`g`ridan-to`g`ri berish amaliyoti bekor qilinadi;
Narkologiya va ruhiy kasalliklarga chalingan fuqarolar hisobi faqat elektron shaklda yuritiladi.
2020 yil 1 martgacha davlat xizmatlarini ko`rsatish uchun zarur bo`lgan avtomatlashtirilgan elektron axborot tizimi ishlab chiqiladi.
Qaror bilan fuqarolarning Ruhiy kasalliklar bo`yicha dispanser hamda Narkologiya dispanseri hisobida turishi yoki turmasligi to`g`risida ma`lumotnoma berish bo`yicha ma`muriy reglamentlar tasdiqlandi.






