AsosiyJamiyat

Qaysi vazirliklarda moliyaviy qonunbuzilishlar yuqori bo`ldi?

'Qaysi vazirliklarda moliyaviy qonunbuzilishlar yuqori bo`ldi?'ning rasmi

Moliya vazirligi xabariga ko`ra, hisobot davrida asosiy e`tibor davlat byudjeti mablag`larini maqsadli va qonun hujjatlariga muvofiq sarflanishiga qaratilgan bo`lib, bunda ish reja bo`yicha nazorat tadbirlari faqat kameral nazorat tadbirlari o`tkazilgandan so`ng shubhali xarajatlar aniqlangan byudjet mablag`larini oluvchilardagina yakuniy nazorat tadbirlari o`tkazildi.

Ma`lumot o`rnida:

Davlat moliyaviy nazorati departamenti tomonidan 2019 yilda o`tkazilgan 10 334 ta moliyaviy nazorat tadbirlaridan 8028 tasi (78 foiz)da 488,3 mlrd so`m miqdorida qonunbuzilish holatlari va boshqa xato-kamchiliklar aniqlanib, shundan 253,2 mlrd so`mni (52 foiz) byudjet va maqsadli jamg`armalar hamda xo`jalik sub`ektlari hisob raqamlariga tiklanishi ta`minlandi.

Shuningdek xabarda 2019 yilda aniqlangan byudjet intizomini buzilish holatlari vazirlik va hududlar kesimi bo`yicha quyidagi ma`lumotlar taqdim etildi:

2019 yilda eng ko`p aniqlangan byudjet intizomini buzilish holatlari Xalq ta`limi vazirligi tizimidagi muassasalarida 29,8 mlrd so`mni tashkil etib, 2018 yilga nisbatan qonunbuzilish holatlari 19 mlrd so`mga (2,7 marta) ko`paygan.

Shuningdek, Oliy va o`rta maxsus ta`limi vazirligi tizimi tashkilotlarida aniqlangan qonunbuzilish holatlari 16,7 mlrd so`mni tashkil etib, 2018 yilga nisbatan 10,1 mlrd so`mga (2,5 marta), Maktabgacha ta`lim vazirligi tizimidagi muassasalarida aniqlangan qonunbuzilish holatlari 8,3 mlrd so`mni tashkil etib, 2018 yilga nisbatan 2,9 mlrd so`mga (1,5 marta), Madaniyat vazirligi tizimidagi muassasalarida aniqlangan qonunbuzilish holatlari 7,8 mlrd so`mni tashkil etib, 2018 yilga nisbatan 5,4 mlrd so`mga (3,3 marta) ko`paygan.

Shu bilan birga, hisobot davrida Sog`liqni saqlash vazirligi tizimidagi muassasalarda aniqlangan qonunbuzilish holatlari 13,8 mlrd so`mni tashkil etib, 2018 yilga nisbatan (17,1 mlrd so`m) kamaygan bo`lsa-da, yirik miqdorni tashkil etdi.

Hisobot davrida aniqlangan yirik miqdordagi moliyaviy xato va kamchiliklar Qashqadaryo (18,7 mlrd. so`m), Toshkent (17 mlrd so`m), Jizzax (16,9 mlrd so`m), Andijon (11,8 mlrd so`m), Surxondaryo (10,8 mlrd so`m), Samarqand (10,2 mlrd so`m) viloyatlariga va Toshkent shahriga (10,8 mlrd so`m) to`g`ri kelmoqda.

Yakuniy nazorat tadbirlarida aniqlangan 129,6 mlrd so`mlik qonunbuzilish holatlari bo`yicha 4 498 ta nazorat tadbirlari hujjatlari qonuniy choralar ko`rish uchun prokuratura organlariga yuborildi.

Shuningdek, byudjet intizomini buzilishiga yo`l qo`ygan byudjet tashkilotlarining 396 nafar mansabdor va mas`ul shaxslariga belgilangan tartibda 291,3 mln so`mlik ma`muriy jarima qo`llanildi.

Davlat moliyaviy nazorati departamenti tomonidan profilaktika tartibida byudjet va byudjetdan mablag` oluvchi tashkilotlarning 2019 yil uchun xarajatlar smetasi va shtat jadvallarini me`yoriy hujjatlar hamda aniq hisob-kitoblar asosida rejalashtirilishi yuzasidan o`tkazilgan nazorat tadbirlarida 39,1 mlrd so`m miqdorida ortiqcha rejalashtirilgan xarajatlar aniqlanib, ko`rilgan chora-tadbirlar natijasida ushbu ortiqcha xarajatlarning oldi olindi.

Bundan tashqari, Davlat maqsadli jamg`armalari va boshqa jamg`armalar mablag`larini maqsadli sarflanishi yuzasidan o`tkazilgan 1 469 ta moliyaviy nazorat tadbirlarida 151,1 mlrd so`m miqdorida qonunbuzilish holatlari aniqlanib, shundan 90,8 mlrd so`mi (60 foiz) tiklanishi ta`minlandi hamda 141,4 mlrd so`m miqdoridagi qonunbuzilish holatlari bo`yicha 744 ta nazorat tadbirlari hujjatlari qonuniy chora ko`rish uchun prokuratura organlariga yuborildi.

Shuningdek, Hukumat kafolati ostida jalb qilingan kredit mablag`laridan maqsadli foydalanilishi yuzasidan o`tkazilgan 153 ta nazorat tadbirlarida 8,9 mlrd so`m miqdorda qonunbuzilish holatlari aniqlanib, shundan 5,3 mlrd so`mi tiklandi hamda 8,5 mlrd so`mlik qonunbuzilish holatlari bo`yicha 113 ta nazorat tadbirlari hujjatlari huquqiy baho berish uchun prokuratura organlariga yuborildi.

    Boshqa yangiliklar