AsosiyJamiyat

“Qashqadaryo hokimi dalani payxon qilgan qo`ylarni so`yishni buyurdi" holati bo`yicha prokuratura tergovga qadar tekshiruv natijalari e`lon qilindi

'“Qashqadaryo hokimi dalani payxon qilgan qo`ylarni so`yishni buyurdi" holati  bo`yicha prokuratura tergovga qadar tekshiruv natijalari e`lon qilindi'ning rasmi

Joriy yilning 2 yanvar kuni Internet nashrlarida “Qashqadaryo hokimi dalani payxon qilgan qo`ylarni so`yishni buyurdi” sarlavha ostida tarqalagan videolavha taralgan edi. Ushbu holat bo`yicha Qashqadaryo viloyati Prokuraturasining rasmiy bayonoti ham e`lon  qilinib, tarqatilgan videolavhaning haqqoniyligi, qachon, qaerda va qanday holatlarda yuz berganligi hamda boshqa holatlar o`rganilayotgani haqida xabar berganmiz. 

 Nishon tumani prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv o`tkazildi. 

Aniqlanishicha, videolavhada Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasining viloyat boshqarmasi boshlig`i A.Aripov, Nishon tumani bo`lim boshlig`i A.Raxmatov, tuman IIB boshlig`i D.Umarov, “Otamurod ota” fermer xo`jaligi ish yurituvchisi Sh.Bobonazarov, g`alla maydonini payhon qilgan 21 bosh chorva mollari egasi A.Azamatovlar ishtirokida viloyat hokimi topshirig`iga ko`ra, g`alla maydonini payxon qilingani uchun fermer xo`jaligi rahbari va payxon qilgan qo`y egasiga tegishli 1 tadan (jami 2 bosh) qo`yni so`yib, kam ta`minlangan oilalarga tarqatilishi holati aks ettirilgan.  

O`tkazilgan tekshiruv natijasiga ko`ra, g`alla ekinlarini payhon qilinganligi holati yuzasidan Nishon tumani ma`muriy sudining qaroriga asosan, A.Azamatov MJtKning 104-moddasi 1-qismida ko`rsatilgan huquqbuzarlikni sodir etgan deb topilib, unga ogohlantirish e`lon qilinib, payxon natijasida etkazilgan zarar qoplanishi ta`minlangan.  

Shuningdek, A.Aripov va A.Rahmatovlar MJtKning 200-moddasida nazarda tutilgan huquqbuzarlikni sodir etganlikda aybdor deb topilib, to`plangan hujjatlar ko`rib chiqish uchun Nishon tumani ma`muriy sudiga yuborilgan.  

Sudning 09.01.2020 yildagi qaroriga ko`ra, A.Aripov va A.Rahmatovlarga nisbatan jarima jazosi tayinlangan va ma`muriy huquqbuzarlik oqibatida etkazilgan zarar to`liq bartaraf qilinishi ta`minlangan.

Bundan tashqari,  Nishon tumani IIB boshlig`i D.Umarovning harakatlari yuzasidan xizmat tekshiruvi o`tkazilib, uning harakatlari intizomiy kengashda ko`rib chiqilishi belgilangan.

    Boshqa yangiliklar