“O`zbekistonning 2020–2022 yillarga mo`ljallangan Investisiya dasturini amalga oshirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi Prezident qarori qabul qilindi.
Qaror bilan O`zbekistonning 2020–2022 yillarga mo`ljallangan Investisiya dasturi tasdiqlandi, deya xabar beradi “Huquqiy axborot” kanali.
Dasturda, jumladan, quyidagilar nazarda tutilgan:
850,5 trln so`m investisiyalar, shu jumladan 35,5 mlrd AQSh dollari miqdoridagi xorijiy investisiyalarni o`zlashtirish;
206 ta yangi ishlab chiqarish quvvatlari va 31 mingdan ziyod ish o`rinlari yaratish.
Qarorga ko`ra, O`zbekiston nomidan yoki kafolati ostida tashqi qarzni jalb etish bo`yicha 2020 yilda yangi imzolanadigan shartnomalar doirasidagi loyihalar “2020 yil uchun O`zbekistonning Davlat byudjeti to`g`risida”gi Qonun bilan belgilangan chegaraviy hajmlar doirasida aniqlanadi.
Shuningdek, qiymati 50 mln AQSh dollaridan oshadigan va xorijiy investorning ulushi 50 foizdan kam bo`lmagan investisiya loyihalari doirasida ishlab chiqarish maydonidan tashqaridagi zarur tashqi muhandislik-kommunikasiya tarmoqlarini byudjet mablag`lari hamda moliyalashtirishning boshqa ichki manbalari hisobidan qurish tartibi mazkur investisiya loyihalari quyidagi talablarga mos kelgan taqdirda qo`llaniladi:
loyihaning iqtisodiy samaradorligi mavjudligi;
Urbanizasiya agentligining loyihani so`ralayotgan er uchastkasida joylashtirishning maqsadga muvofiqligi to`g`risidagi xulosasi mavjudligi;
loyihaning loyihaoldi hujjatiga davlat ekologiya ekspertizasining ijobiy xulosasi mavjudligi (zarur hollarda).






