2019 yil 27 dekabr kuni “Facebook” va “Telegram” ijtimoiy tarmoqlarida “Mingbuloq tuman hokimi fermerlarni so`kib tashladi” mavzusida tarqatilgan audioyozuvdagi holatlar yuzasidan Namangan viloyat prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv o`tkazildi.
Aniqlanishicha, 09.12.2019 yil soat 10-00da Mingbuloq tumani, Mehnatobod m.f.y. hududidagi “Gigant” muqobil mashina traktor parki saroyida Mingbuloq tuman hokimi vazifasini bajaruvchi N.Xudoyberdiev rahbarligida texnika va kuzgi-qishki agrotexnik tadbirlar yuzasidan yig`ilish o`tkazilib, unda tumandagi “Gigant”, “Guliston”, “Gulbog`-1” MMTP hududlari raislari hamda qishloq xo`jaligi texnikasi mavjud fermer xo`jaliklari rahbarlari ishtirok etgan.
Yig`ilish davomida tuman hokimi vazifasini bajaruvchi N.Xudoyberdiev “Guliston dacha” fermer xo`jaligi ish boshqaruvchisi M.Xalilov va boshqa fermer xo`jaliklari rahbarlarini qishloq xo`jaligi texnikalarini ta`mirlamayotgani, sustkashlikka yo`l ko`yib kelayotganlari xususida tanbeh berib, so`ng haqorat qilgani hamda ularning sha`ni va qadr-qimmatini qasddan kamsitganligi aniqlangan.
Tekshirish natijasiga ko`ra, Namangan viloyat prokuraturasi tomonidan N.Xudoyberdievga nisbatan O`zbekiston Respublikasi Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeksning 41-moddasi bilan ma`muriy huqubuzarlikka doir ish qo`zgatish haqida qaror qabul qilinib, ma`muriy chora qo`llash uchun to`plangan hujjatlar Mingbulok tumani ma`muriy sudiga yuborilgan.
Mingbulok tumani ma`muriy sudining 10 yanvar 2020 yildagi qaroriga ko`ra, N.Xudoyberdiev MJtKning 41-moddasida nazarda tutilgan huquqbuzarlikni sodir etgan shaxs deb topilib, unga nisbatan qayd etilgan modda bilan bazaviy hisoblash miqdorining yigirma baravari miqdorida, ya`ni 4 mln. 460 ming so`m miqdorida jarima jazosi tayinlangan.






