Xorijiy davlatlarda ish bilan ta`minlash evaziga fuqarolarning 51 500 AQSh dollarini qo`lga kiritgan korxona rahbarlariga nisbatan jinoyat ishi ochildi. Bu haqda “darakchi.uz”ga Bosh prokuratura Matbuot xizmati ma`lum qildi.
Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Yunusobod tumani bo`limi tomonidan o`tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda, “I.X.Bandlik Agentligi” MChJ mansabdor shaxslari bir necha fuqarolarning ishonchiga kirib, ularni aldab Germaniya, Chexiya, Litva va boshqa davlatlarda shartnoma asosida ish bilan ta`minlash evaziga jami 51 500 AQSh dollarini qo`lga kiritgan.
Biroq, ularni ish bilan ta`minlamasdan pul mablag`larini o`zlashtirib yuborganliklari aniqlangan.
Mazkur holat yuzasidan “I.X.Bandlik Agentligi” MChJ mansabdor shaxslariga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddasi bilan jinoyat ishi qo`zg`atilib, tergov harakatlari o`tkazilmoqda.






