Bugun, 10-fevral kuni O`zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov Argentina Respublikasining yangi tayinlangan favqulodda va muxtor elchisi (qarorgohi Moskva shahrida) Pablo Anselmo Tettamantini qabul qildi. Bu haqda TIV matbuot xizmati xabar beradi.
Elchi O`zbekiston Respublikasi Prezidenti nomiga yo`llangan ishonch yorliqlarini topshirdi.
Suhbat chog`ida siyosiy, savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi O`zbekiston-Argentina muloqotining hozirgi holati va rivojlanish istiqbollari muhokama qilindi.
Uchrashuvda munosabatlarni institutsionallashtirish va unga ko`p qirrali hamkorlik tusini berish bo`yicha aniq takliflar ko`rib chiqildi.
Muloqot chog`ida tomonlarni qiziqtirgan qator sohalarda o`zaro aloqalarni kengaytirish uchun O`zbekiston va Argentina ulkan salohiyat va amaliy imkoniyatlarga ega ekanligi ta`kidlab o`tildi.
Shuningdek, uchrashuvda xalqaro tashkilotlar doirasidagi hamkorlik masalalari ham ko`rib chiqildi.





