Respublikada o`rmon fondiga kirmaydigan daraxtlar va butalar, qimmatbaho navlarining kesilishiga moratoriy joriy qilinishiga, profilaktika tadbirlarining olib borilishiga qaramasdan hududlarda daraxtlarning noqonuniy kesilish xolatlari davom etmoqda, deb ma`lum qildi Ekologiya va atrof-muhitni himoya qilish davlat qo`mitasi.
Joriy yilning 7 yanvar kuni Toshkent shahar ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish boshqarmasi ijtimoiy tarmoqlarda O`zbekiston davlat musiqali komediya (operetta) teatri oldida kesilayotgan daraxtlar yuzasidan joylashtirilgan xabarga muvofiq boshqarma inspektorlari bayon etilgan hudud — Chilonzor tumani, Cho`pon ota ko`chasi «S» mavzesiga chiqib, holatni o`rgangan.
O`rganish natijasida ko`rsatib o`tilgan manzilda 1 dona chinor fuqaro F.X.Z. tomonidan tegishli ruxsatnomasiz kesilganligi aniqlandi. Bu bilan O`zbekiston Respublikasining «O`simlik dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish to`g`risida» gi qonunining (yangi tahriri) 37-moddasi qo`pol ravishda buzilgan.
Huquqbuzarlikni sodir etgan fuqaroga nisbatan Ma`muriy jinoyat to`g`risidagi kodeksning tegishli moddasiga asosan 1 million 115 ming so`m jarima solingan.
Shu bilan birga Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 17 yanvardagi 43-son qaroriga muvofiq o`simlik dunyosiga etkazilgan zarar jami 38 million 891 ming so`mni tashkil etgan. Etkazilgan zararni undirish uchun inspektorlar tomonidan hujjatlar o`rnatilgan tartibda rasmiylashtirilgan.
Daraxt kesilishi bilan bog`liq holatlarga guvoh bo`lgan fuqarolar Qo`mita ishonch telefoniga — (+998) 70 236-26-66; (+998) 71 207-11-07 yohud Davlat ekologiya qo`mitasi Axborot xizmatiga — (+998) 71 207-07-70 (ichki 5555#, 1034#, 1029#) qo`ng`iroq qilib holatni ma`lum qilishlarini so`raymiz”, — deyiladi xabarda.






