AsosiyJamiyat

Respublikamiz bojxonachilari tomonidan zargarlik buyumlarining noqonuniy olib o`tilishiga chek qo`yildi

Toshkent viloyati “Navoiy” chegara bojxona posti xodimlari tomonidan qo`shni davlatdan kirib kelayotgan poytaxtlik O.Maqsudovaning (maqoladagi barcha ismi shariflar o`zgartirilgan) qing`ir qilmishlariga nuqta qo`yildi. Bu haqda uz24.uz nashri Davlat bojxona qo`mitasi Axborot xizmati ma`lumotlari asosida xabar beradi.

Bojxona ko`rigi davomida yo`lovchining ortiqcha bezovtalanishi bojxonachilarda shubha uyg`otdi. Shundan so`ng ushbu ayol xolislar ishtirokida shaxsiy ko`rikdan o`tkazilganda, kiyimlari orasidan oyog`iga polietelin o`ramlarni bog`lab olganligi aniqlandi. O`ramlar ochib ko`rilganda esa ularga yo`lovchi bojxona deklarasiyasida qayd qilinmagan 25 dona turli tilla taqinchoqlar va 16 dona tilla quymalari yashirilgan ekan. Jami og`irligi 70 gr.dan ortiq mazkur tilla boyliklarining umumiy qiymati dastlabki ma`lumotlarga ko`ra, salkam 8.5 mln. so`mni tashkil qiladi.

“Moskva-Toshkent” yo`nalishi bo`yicha kirib kelgan poezd yo`lovchisi namanganlik U.Yusupova ham qiymati 11,7 mln. so`mdan ortiq bo`lgan 78,31 gr. og`irlikdagi zargarlik buyumlarini bojxona nazoratidan bekitishga uringani bois “Keles” temir yo`l chegara bojxona posti xodimlari qarshisida er chizib qoldi.

Istanbuldan uchib kelgan buxorolik D.Botirovaning “Toshkent-Aero” ixtisoslashtirilgan bojxona komlpeksi xodimlarining ko`zini shamg`alat qilishga bo`lgan urinishi naf bermadi. Xolislar ishtirokidagi shaxsiy ko`rik davomida bu ayol yashirincha olib kirishga mo`ljallangan qiymati 3 mln. so`mdan ortiq bo`lgan 50 gr. og`irlikdagi tilla taqinchoqlarni kurtkasining cho`ntagidan chiqarishga majbur bo`ldi.

Ayni shu reys bilan uchib kelgan yana bir buxorolik – Sh.Sapaevaning ham Turkiya sayohati o`zi uchun yoqimsiz yakun topdi. Yo`lovchi bojxona deklarasiyasida hamda bojxona xodimining og`zaki so`rovi paytida ma`lum qilmasdan turib bu ayol 86 gr. og`irlikdagi tilla buyumlarni olib kirishga uringani bois poytaxt xalqaro aeroportini tark etishi biroz cho`zildi.

Hozirda mazkur holatlar yuzasidan bojxona tekshiruvlari va  surishtiruv harakatlari davom ettirilmoqda.

Respublikamiz bojxonachilari tomonidan 2014 yilda respublikamiz bojxonachilari tomonidan huquqni muhofaza qiluvchi boshqa idoralar vakillari bilan hamkorlikda 287 ta bojxona qoidabuzlarliklari fosh qilinib, natijada qiymati 13 mlrd. so`mdan ortiq bo`lgan 118 kg. og`irlikdagi tilla va zargarlik buyumlarining noqonuniy olib o`tilishiga chek qo`yildi.

    Boshqa yangiliklar