AsosiyJamiyat

Poytaxtdagi 27-maktab direktori va o`qituvchini ishdan bo`shatishni talab qilgan ota-onalar murojaati bo`yicha bayonot berildi

'Poytaxtdagi 27-maktab direktori va o`qituvchini ishdan bo`shatishni talab qilgan ota-onalar murojaati bo`yicha bayonot berildi'ning rasmi

 2019 yil, 9 sentyabr kuni Toshkent shahridagi 27-maktabning 9-“V” sinf rahbari ta`lim muassasasi ichki tartib qoidasiga rioya qilmayotgan 4 nafar o`quvchiga avval ham uzun sochini kaltalatish haqida ogohlantirilganini eslatib, tanbeh bergan. So`ngra U.A ismli o`g`il bolaning qizg`ish sariq rangga bo`yalgan uzun, old kokil qismini kesmoqchi bo`lgan. O`quvchi ustozi qo`lini kuch bilan qayirib, qarshilik ko`rsatgan. Natijada qaychi o`qituvchining qo`lida sinib, bosh barmog`i qattiq lat egan. Bu haqda Toshkent shahar Mirzo Ulug`bek tumani xalq ta`limi bo`limi rasmiy bayonot berdi.

2019 yil, 10 sentyabr kuni o`quvchilarning ota-onalari maktabga shikoyat bilan kelgan. Murojaat maktab ma`muriyati va uchastka noziri tomonidan muhokama qilingan. Muhokama davomida o`quvchilarga hech qanday tan jarohati etkazilmaganligi ma`lum bo`lgan. Ammo o`qituvchiga o`quvchi tomonidan etkazilgan tan jarohati yuzasidan uchastka noziriga yozma shikoyat berishi mumkinligi aytilsa-da, o`qituvchi o`zi ta`lim-tarbiya berayotgan, farzandidek bo`lib qolgan o`quvchilari ustidan shikoyat qilishdan bosh tortgan.

Yuqoridagi holat bo`yicha o`quvchilarning ota-onasi Prezident qabulxonasiga murojaat etgan. Murojaat tuman xalq ta`limi bo`limi tomonidan atroflicha o`rganilgan. O`qituvchining xatti-harakati qonunga zid bo`lgani bois unga maktab rahbari tomonidan O`zbekiston Respublikasi mehnat kodeksining 182-moddasida belgilangan intizomiy jazo sifatida “hayfsan” berilgan. 2020 yilning 3 yanvaridan boshlab, o`qituvchi 9-“V” sinf rahbarligidan ozod etilgan.

Shundan so`ng 2 nafar o`quvchining ota-onasi (sinfda 38 nafar o`quvchi bo`lib, ulardan 36 nafarining ota-onasi o`qituvchini olib borayotgan ish faoliyatidan mamnunligini bildirgan) tuman xalq ta`limi bo`limi va xalq ta`limi vazirligidan 34 yil pedagoglik tajribasiga ega, ota-onalar tomonidan hurmatga sazovor va bir qancha shogirdlarni etishtirishda xizmat qilib kelayotgan mazkur o`qituvchining “pedagoglik” faoliyatini cheklashni so`rab murojaat etgan. Murojaatga javoban pedagog faoliyatini cheklash xalq ta`limi vazirligining vakolatiga kirmasligi tushuntirilgan.

Ushbu holatdan so`ng o`quvchilarga maktab ma`muriyati va o`qituvchi tomonidan hech qanday bosim o`tkazilmagan. Aksincha, o`quvchilar dars mashg`ulotlaridan keyin qiziqishlari bo`yicha sport to`garaklariga jalb qilinib, tadbirlarda munosib rag`batlantirilgan.

Yuqoridagi holat bo`yicha 2019 yil, 18 oktyabrda Voyaga etmaganlar ishlari bo`yicha Mirzo Ulug`bek tumani idoralararo komissiyasi yig`ilishining qaroriga asosan voyaga etmagan B.L. ning onasi Borodenko A.ga nisbatan O`zbekiston Respublikasi MJtKning 47-moddasi 1-qismiga asosan eng kam oylik ish haqining uch barobari, ya`ni 666900 so`m miqdorida jarima qo`llanilgan.

2019 yil, noyabr oyida voyaga etmagan U.A. maktab ichki tartib qoidasiga, Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 15 avgustdagi 666-sonli qarorida belgilangan talablarga xos bo`lmagan soch turmagida yurishi bo`yicha Voyaga etmaganlar ishlari bo`yicha Mirzo Ulug`bek tumani idoralararo komissiyasiga murojaat qilingan. Voyaga etmagan U.A. ning onasi Saekeeva Z. o`g`li bilan birga komissiyaga borishdan bosh tortgan. Bu holat bir necha marta takrorlanganidan so`ng 2019 yil, 29 noyabrda bo`lib o`tgan Voyaga etmaganlar idoralararo komissiyasi yig`ilishining qaroriga asosan voyaga etmagan U.A. ning onasi Saekeeva Z.ga nisbatan O`zbekiston Respublikasi MJtKning 47-moddasi 1-qismiga asosan eng kam oylik ish haqining bir barobari, ya`ni 223000 so`m miqdorida jarima qo`llanilgan. Voyaga etmagan U.A. yana shunday holatni takrorlasa, unga nisbatan qat`iy chora ko`rilishi to`g`risida ogohlantirilgan. Ammo hozirgi kunga qadar voyaga etmagan U.A. soch turmagini o`zgartirmasdan, Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 15 avgustdagi 666-sonli qarorida belgilangan talablarni bajarmay kelmoqda.

 

    Boshqa yangiliklar